Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barselona»da yirik g‘alaba, Benzemada o‘ziga xos bo‘lmagan gol. Kun o‘yinlari
Yakshanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.
Ispaniya: Levandovski Germaniyadagi kabi o‘ynamoqda, Benzema maydon o‘yinchisiga gol urdi
Barselona – Valyadolid 4:0
Gollar: 1:0 – 24 Levandovski, 2:0 – 43 Pedri, 3:0 – 64 Levandovski, 4:0 – 90+2 Serji Roberto.
Barselona – ter Stegen, Kunde, Arauxo (Serji Roberto, 61), Erik Garsiya, Balde, Buskets (Kessie, 76), Pedri, Gavi (de Yong, 61), Levandovski, Dembele (Ferran Torres, 82), Rafinya (Fati, 61).
Valyadolid – Masip, Peres, Xoakin Fernandes, Sanches, Eskudero, Sanches (Toni Vilya, 61), Anuar (Arroyo, 76), Aguado (Mesa, 46), Monchu (Plano, 46), Kike Peres, Gvardiola (Leon, 61)
«Barselona» nihoyat Kundening shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazdi va fransuz himoyachisi darhol boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Ammo u ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri kelmadi, Levandovski esa «Kamp Nou» mezbonlar gol urolmagan qatorasiga uchinchi o‘yin bo‘lmasligi uchun barcha ishni qildi. Polyak hujumchisi avvaliga darvoza ustunini ko‘zladi, keyin Dembele uchun qulay vaziyat yaratdi (uning zarbasi ham ustunga tegdi), keyingi urinishda esa Rafinyaning krossini darvozaning olis burchagiga «mixlab qo‘ydi».
Bu o‘yinni tribunada Joan Laporta bilan kuzatgan Ronaldo nazariy jihatdan bunday vorisdan xursand bo‘lishi mumkin edi, ammo braziliyalik hozirda «Valyadolid» prezidenti hisoblanadi. Laporta esa ko‘zi osti ko‘kargani bilan e’tibor tortdi va internet «Barselona»ning qarziga oid memlar bilan to‘ldi.
Maydonda esa Pedri hisobni oshirganidan keyin mehmonlarda hech qanday imkon yo‘qligi ayon bo‘ldi. Ayniqsa Dembele yuqori formadaligida, u shu kuni yil boshidan buyon bergan golli uzatmalari sonini 13 taga yetkazib qo‘ydi va top-5 turnirlarida bu ko‘rsatkich bo‘yicha Leo Messidan o‘zib ketdi. Uning Levandovskiga uzatgan ikkinchi pasi hujumchining tovon bilan bergan zarbasi orqali darvoza to‘riga yo‘l oldi.
Uchinchi goldan keyin ko‘k-anorranglilar ma’lum vaqt xotirjamlikka berilishdi va Kunde darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib qolgan holda dastlabki olqishlarga sazovor bo‘ldi. Umuman olganda, maydondagilarning barchasi munosib harakat qildi. «Barsa» safida 50-golini o‘tkazgan Gavi ham, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ygan Serji Roberto ham. «Barsa» tezlik olmoqda va o‘yindan o‘yinga kuchliroq bo‘lmoqda.
Levandovski qatorasiga ikkinchi o‘yinda dubl qayd etdi. Bungacha u «Sosedad»ga ham ikki gol urgandi (o‘shanda jamoa 4:1 hisobida ustun kelgandi). «Barsa» forvardi birinchi turda gol urmagan, o‘shanda «Rayo» bilan o‘yinda hisob ochilmagandi. «Valyadolid»ga qarshi dubldan keyin Robert la liga to‘purarlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lib oldi. «Betis» vakili Borxa Iglesias ham shuncha gol urgan (4), ammo uning gollarining yarmi penaltidan urilgan, Levandovski esa barcha to‘rt golni o‘yindan urdi.

Espanol – Real - 1:3
Gollar: 0:1 – 12 Vinisius Junior, 1:1 – 43 Xoselu, 1:2 –88 Benzema, 1:3 - 90+10 Benzema.
Espanol – Lekomt, Sanches, Xil, Kabrera, Kalero, Olivan, Darder, Eksposito, Vinisius Kosta (Bare, 68), Dani Gomes, Xoselu, Puado (Melamed, 78).
Real Madrid – Kurtua, Ryudiger, Militao, Alaba, Modrich (Kamavinga, 58), Kroos (Sebalos, 80), Tchuameni, Vaskes (Karvaxal, 85), Valverde (Rodrigo, 58), Benzema, Vinisius Junior.
Chetlatish: Lekomt, 90+8.
Shu kuni Kataloniyada o‘zi uchun eng qulay raqiblardan biriga qarshi o‘ynagan «Real»dan navbatchi g‘alaba kutilgandi. Yakshanba kuni «Espanol» madridliklar tomonidan 106-bor mag‘lub etildi va bu la ligada bir raqib bilan o‘yinlardagi natijalar bo‘yicha rekord ko‘rsatkichdir. Bu o‘yinda Tshuameni Kazemiroga munosib o‘rinbosar ekanini namoyish etdi va maydonda katta hajmdagi ishni bajardi va vaziyatlar ham yaratdi. Xususan, hisobni ochgan Vinisius Juniorni ajoyib pas bilan ta’minladi.
Ammo hisob bunday osonlik bilan ochilishi aldamchi hissiyot bo‘lib chiqdi. «Espanol» ham vaziyatlar yarata boshladi va birinchi bo‘lim so‘nggida Xoselu qaytgan to‘pga aniq zarba berib, Kurtuani dog‘da qoldirdi. Agar ikkinchi bo‘lim boshida belgiyalik posbon ushbu forvard bilan yana bir duelni o‘z foydasiga hal eta olmaganida, chempionlar uchun barchasi qayg‘uli yakunlanishi ham mumkin edi. Boshqa tomondan Lekomt ham «Espanol»ni qutqarib turdi, Benzemaning birinchi goli santimetrlik ofsayd tufayli bekor qilindi. Sardor, albatta bundan ranjidi, shu bilan birga ishtiyoqi oshib, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Rodriguning ajoyib uzatmasidan keyin hal qiluvchi golni urdi.
Benzemaning o‘zi o‘yinga nuqta qo‘yuvchi golni ham urdi, u Madriddagi faoliyatida ilk bor jarima nuqtasidan aniq zarba yo‘lladi. Maydon o‘yinchisiga! So‘nggi daqiqalarda darvozabon Lekomt jarima maydoni tashqarisida qo‘pollik qilgani uchun maydondan chetlashtirilgach, urugvaylik Kabrera darvozaga turdi, tabiiyki kuchli va aniq yo‘llangan zarbaga to‘g‘anoq bo‘lolmadi. «Real» va «Betis» — uch turni yo‘qotishlarsiz davom ettirgan jamoalar bo‘lib qolmoqda, ammo Madridning muvaffaqiyati ishonchliroq, Karlo Anchelotti jamoasi barcha o‘yinlarni safarda o‘tkazmoqda.

Angliya: Hendersonning omadli kepkasi

Shanba kungi qizg‘in o‘yinlardan keyin («Liverpul» 9:0 hisobida yutdi, «Man Siti» Holandning het-trigi bilan 0:2 hisobidan chiqib ketdi, «Chelsi» va «Arsenal» ham xarakter ko‘rsatishdi), «Tottenhem» ham navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Hisobni odatdagidek Keyn ochdi, u to‘pni jarima maydoni atrofida qabul qilib oldi, hech narsani o‘ylamasdan, uni yerlatib darvoza to‘riga yo‘naltirdi. To‘g‘ri, keyinroq Harri bilan deyarli aqlbovar qilmas holat sodir bo‘ldi.
2018 yil fevralidan buyon klub uchun 21 marta «nuqta»dan aniq zarba bergan, ammo bu safar penaltichilar kushandasi Hendersonning qurboniga aylandi. Angliya chempionatida joriy mavsumda darvozabonlar tomonidan qaytarilgan to‘rtta 11 metrlik jarima zarbasidan ikkitasi «o‘rmonchilar»ning yangi darvozaboni hissasiga to‘g‘ri keladi. Henderson APL o‘yinlarida jami besh penaltidan uchtasini qaytargan, unga kepkasi omad keltirishi haqida hazillar paydo bo‘lgan.
Keyn esa baribir o‘yindan navbatdagi golni urdi, Risharlison ijrosidagi «shvedka» «shporlar» yetakchisiga APL tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida Endi Koulga (187 gol) yetib olish imkonini berdi. Endi oldinda faqat ikki futbolchi bor — Alan Shirer (260) va Ueyn Runi (206). G‘oliblar safida faqat Son Xin Min xafa bo‘ldi, u «Tottenhem» safiga o‘tganiga yetti yil bo‘lgan kuni gol urmasdan zaxiraga olindi.

Italiya: «Napoli» — yetakchi
«Napoli» Florensiyaga turnir jadvalida yakkapeshqadam bo‘lib olish xayollari bilan tashrif buyurgandi. Faqat «Fiorentina» hozirda ancha raqobatbardosh jamoa bo‘lib ko‘rinmoqda va mehmonlar o‘yin boshidanoq himoya haqida qayg‘urishiga to‘g‘ri keldi. Janubliklar birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelibgina hujumlar uyushtira boshladi, ammo dastlabki turlarda gol urib kelgan Kvaratsxeliya Losanoning uzatmasini darvoza to‘riga joylab qo‘ya olmadi.
Umuman olganda, aytish mumkinki, Xvichaga bu o‘yinda «Shaxtyor»ning sobiq himoyachisi Dodoga qarshi o‘ynash oson kechmadi. Ammo ikkinchi bo‘limda gruzin futbolchisi braziliyalikni dog‘da qoldirdi va uzoq ustun yaqiniga a’lo darajada pas uzatdi. Losano bu vaziyatni qanday qilib yo‘qqa chiqargani barchani hayron qoldirdi. Bu «Rubin» futbolchisi ishtirokidagi eng yorqin vaziyat edi, Luchano Spalletti uni ikkinchi bo‘limning dastlabki qismidan keyin almashtirib yubordi.
«Sassuolo» safidan kelib qo‘shilgan Raspadori «Napoli»ga g‘alaba keltirishi mumkin edi, uning yerlatib burchakka yo‘naltirilgan zarbasini Gollini qaytarib qoldi. «Napoli» o‘yinning so‘nggi qismini juda kuchli o‘tkazdi, ammo qarshi hujumlarni to‘xtatish uchun futbolchilar sariq kartochka ishlashiga to‘g‘ri keldi. Yakunda janubliklar mavsumda ilk bor ochko yo‘qotishdi, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga baribir turnir jadvalida yetakchi bo‘lib olishdi, «fialki» esa to‘qqiz yil ichida ilk bor startdagi uch turni mag‘lubiyatsiz o‘tkaza oldi.
Fransiya: Sanchesning benefisi
O‘tgan mavsumda «Nitssa» va «Marsel» o‘yini katta Payye fanatlar hujumiga uchrashi bilan boshlangan janjal tufayli to‘xtatilgandi. Bu safar barchasi tinch o‘tdi, mehmonlarning birinchi bo‘lim boshidagi yorqin o‘yini intrigani o‘ldirdi.
Milik «Yuventus»ga sotilgach marselliklar hujumida muhim figuraga aylangan Aleksis Sanches katta sahnaga chiqdi va dubl qayd etdi. «Arsenal»dan ijaraga olingan qanot himoyachisi Nunu Tavaresh esa mavsum startidagi to‘rt o‘yinda uchinchi golini urdi.
«Nitssa» esa Kristof Galte ketgach, inqirozni boshdan kechirmoqda. «Burgutlar» safi yozda Shmeyxel, Remsi va Pepe bilan to‘ldirildi, ammo jamoa to‘rt turda atigi ikki ochko jamg‘argan. Hozircha muxlislar faqat Konferensiyalar ligasida xursand qilindi, bu turnirda overtaymda g‘alaba qozonildi.
Kun statistikasi
- Ruli «Vilyarreal»ning la ligada mavsumni qatorasiga uchta quruq o‘yin boshlagan 1-darvozaboni bo‘ldi.
- Niderlandiya chempionatida PSV yarimhimoyachisi Chavi Simons dastlabki uch o‘yinda «gol+pas» tizimida 6 ochko (4 gol va 2 pas) jamg‘ardi. Bu turnirda XXI asrda kuzatilgan eng yorqin debyutdir.
- Antuan Kombuare boshqaruvida 27 o‘yinda maydonga tushgan «Nant» birinchi bo‘lib gol o‘tkaza turib 6 g‘alabaga erishdi. «Kanareykalar» bungacha shuncha miqdordagi irodali g‘alabaga erishish uchun o‘n nafar bosh murabbiy bilan 105 o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgandi.
- «Lion» hujumchisi Dembele liga 1 turnirida qatorasiga 8 turda gol urmoqda. Klubning bu boradagi rekordchisi Sonni Andersona 2001 yilda qatorasiga 11 o‘yinni golsiz tark etmagandi.
- 9:0 — «Seltik» tarixida safar o‘yinlaridagi eng yirik g‘alaba, yakshanba kuni «Dandi Yunayted» shunday hisobda tor-mor etildi.
- «Vulverhempton» yarimhimoyachisi Tiagu Nevesning APLdagi 19 golidan (penaltilar hisobga olinmaganda) 16 tasi jarima maydoni tashqarisidan urilgan.
- «PSJ» futbolchilari o‘tgan mavsum boshidan buyon 27 bor to‘pni darvoza ustuni yoki to‘siniga tekkizishgan.
Mavzuga oid
21:55 / 05.06.2026
«Real» jiddiy qayta qurish davriga kirmoqda
12:04 / 04.06.2026
«Real» tarixidagi asosiy tahdidni to‘xtatish kerak». Peresni jangga chorlagan kim?
12:01 / 25.05.2026
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
11:01 / 19.05.2026