09:35 / 29.08.2022
7855

Yevropa sudyalari YeIning Polshaga ko‘p milliard yevrolik yordamiga e’tiroz bildirmoqchi

Yevropalik sudyalar fikricha, Yevropa ittifoqi Polshaga 35 milliard yevro ajratmasligi kerak, chunki bu mamlakat sud hokimiyati mustaqilligini cheklaydi. Ular Yevropa ittifoqi sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi.

Foto: Getty Images

Yevropaning to‘rtta yetakchi sudyalar assotsiatsiyasi Yevropa ittifoqining Lyuksemburgdagi sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Bryusseldan Polshaga 35,4 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish haqidagi qarorini bekor qilishni talab etdi. YeI bu mablag‘larni sud tizimi mustaqilligini cheklashda davom etayotgan mamlakatga ajratmasligi kerak, deya ma’lum qildi da’vogarlar 28 avgust, yakshanba kuni.

Gap Yevropa ittifoqi Polshaga 2021 yilda koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qarshi kurashish uchun o‘z jamg‘armalari hisobidan ko‘rsatish niyatida bo‘lgan yordam haqida bormoqda. Biroq, Polshadagi munozarali sud-huquq islohoti tufayli Yevrokomissiya, keyin esa Yevropa ittifoqi mamlakatlari moliya vazirlari ushbu mablag‘larni kechiktirish bilan - faqat joriy yilning iyun oyida taqdim etishni ma’qulladilar.

Buning evaziga Varshava hukumati sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash majburiyatini olgani aytiladi. Biroq, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan sudyalar uyushmalariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi tomonidan Polshaga qo‘yilgan talablar «sudyalar va sud hokimiyati mustaqilligini samarali himoya qilishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan talablardan past».

Iyun oyida Polsha prezidenti Anjyey Duda sud-huquq islohoti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlarni imzoladi, unga ko‘ra, mamlakat Oliy sudi intizomiy palatasi tugatildi. Bu palataning tarqatilishi Yevrokomissiyaning Polshaga 35 milliard yevro ajratish shartlaridan biri edi. Shu bilan birga, Duda tomonidan imzolangan qonun intizomiy palata o‘rniga boshqa organ – Kasbiy mas’uliyat palatasi tashkil etilishini nazarda tutadi, uning 11 nafar a’zosi prezident tomonidan tayinlanadi. Polshaning hukmron partiyasi tanqidchilari islohotni yuzaki deb hisoblashdi.

Oliy sudning tartib-intizom palatasi Polshada 2018 yilda hukmron konservativ «Qonun va adolat» partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Islohot amalda hukumatga sudyalarni tayinlash va lavozimidan ozod etish huquqini berdi.

Palata a’zolari parlament tomonidan tayinlangan Milliy sudyalar kengashi tomonidan saylangan sudyalardan iborat. U sudyalar va prokurorlarga nisbatan intizomiy ish yuritishi va bu jarayonlar natijasida Oliy sud a’zolarini lavozimidan chetlashtirishi mumkin edi.

Islohot mamlakat ichidagi ko‘plab siyosatchilar va faollar, shuningdek, Polsha rasmiylarini mamlakat sud tizimini nazorat qilishda ayblagan Yevropa ittifoqi tomonidan tanqid qilindi. 2020 yilda Yevropa ittifoqi sudi Polshaga intizom palatasi qoidalarini zudlik bilan to‘xtatishni buyurdi. 2021 yil oktyabr oyida xuddi shu sud tuzilmani bekor qilish to‘g‘risidagi qaror amalga oshirilgunga qadar Polshaga kuniga 1 million yevro miqdorida jarima soldi. 

Polsha hukumati dastlab bu organni yaqin oylarda tarqatib yuborishga va’da berdi, biroq keyin mamlakat Konstitutsiyaviy sudining Polsha konstitutsiyasi qoidalarining Yevropa qonunchiligidan ustunligi haqidagi qaroriga asoslanib, buni amalga oshirishdan bosh tortdi. O‘tgan yil oktyabr oyida mojaro avj olgandan keyin butun mamlakat bo‘ylab Polshani Yevropa ittifoqida saqlab qolish uchun yuz minglab namoyishchilar norozilik namoyishlariga chiqdi.

Mavzuga oid
Top