“Biz oxirgi 5-6 yilda ko‘p e’tiborni shakllarga berib yubordik. Ko‘pincha shakllarga e’tibor qaratyapmiz. Vazirliklar bir bo‘linadi, bir qo‘shiladi, qaysidir qismi agentlikka aylantiriladi, keyin yana qayta vazirlikka qo‘shib yuboriladi. Barcha vazirliklar bu holatdan bir necha barobar o‘tib chiqdi. Mazmun o‘zgarmasa, shaklning farqi yo‘q, natija bir xil bo‘laveradi.
U vazirlikni birlashtiramizmi yoki alohida bo‘lib yuboramizmi, bunga bog‘cha vazirligini qo‘shib yuboramizmi, hech narsa o‘zgarmaydi. Bizda strategiya bo‘lmasa, unga erishish uchun million marotaba yoziladigan va bir tiyinga qimmat chora-tadbirlar emas, aniq mexanizmlari bor, mutaxassislar tomonidan uch kunda emas, oylar davomida ishlab chiqilgan, natija beradigan choralar kiritilib, ularga o‘sha choralarni amalga oshiradigan mexanizmlarni moliyalashtirish, ularni amalga oshirish uchun malaka va ko‘nikma bilan ta’minlanmasa, nomini o‘zgartirib, qo‘shib, ajratib va yo‘q qilib yuborgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.
Hozir vazirliklarni bir-biriga qo‘shib, ajratib faqatgina shakl bilan ishlayapmiz. Institutsional xotira degan narsa bor. Bizda yomoni, masalan rahbarlarning tez almashishi ham, vazirliklarning shakli o‘zgarishi ham, ozgina, misqollab yig‘ilgan institutsional xotirani ham to‘liq yo‘qotib yuboradi. Oddiy misol, “Kamolot”ni oladigan bo‘lsak, yetti yil davomida shu tashkilotning raisi bo‘ldim. Yetti yil ichida jamoa ham shakllandi. Institutsional xotira shakllandi. Yoshlarga qiziq ko‘p loyihalar qilindi. Hamma narsa ideal, zo‘r bo‘lgan demayman. Chunki bizning ham xato-kamchiliklarimiz bo‘lgan. Lekin “Kamolot” Ittifoqqa aylandi. Ittifoqning bazasida agentlik yaratilib, ittifoq saqlanib qoldi. Hozir agentlik bilan ittifoq nima bo‘ladi bilmayman. Oxirgi to‘rt yil ichida bu tashkilot uch marta transformatsiyadan o‘tdi.
Har bitta transformatsiya bu tizim uchun shok. Xodimlarga noaniqlik signalini beradi. Malakali kadrlarning qo‘l siltab, chiqib ketishiga olib keladi. O‘rniga vaqtincha shu yerda ishlab turay, balki yaxshi bo‘lib qolar, degan odamlar kelib qolishiga olib keladi. Institutsional xotiraga ega bo‘lgan odamlar chiqib ketgan sari, bu kamayib boraveradi.
Oddiy misol, biz “Kamolot”ga yangi kelganimizda nimalar qilinayotganligi haqida ro‘yxatni olganmiz. Ichidan “bo‘lmaydiganlari”ni kesganmiz. Yaxshi va tarixiy loyihalarni nomini o‘zgartirmasdan, meniki demasdan saqlab qolganmiz. «Shunqorlar», «Kamolot shaxmat taxtasi» loyihalari men o‘ylab topgan loyihalar emas, mendan oldingi qilingan loyihani biz yuqoriga ko‘tardik xolos. Bu kabi loyihalar bizdan oldin ham bor edi. Faqat kichikroq masshtabda qilinar edi. Birontasiga tegmadik. Hammasini nomigacha saqladik. Chunki bu bizdan oldingi avlod bizga qoldirgan institutsional xotiraning yaxshi qismi. Yoniga qo‘shdik keyin. Biz kelganimizda 20 ta zo‘r loyiha bo‘lsa, chiqib ketayotganimizda 60 ta zo‘r loyiha bor edi. Bu institutsional xotira albatta saqlanishi va davom etishi kerak. “Bizdan oldingisi 0 ga teng, biz yangidan boshlaymiz” degan rahbar ahmoq bo‘ladi. Bizdan keyin ushbu loyihalarning hammasi esdan chiqdi. Qolib ketdi. Hozir xuddi o‘sha loyihalarni boshqa nom bilan tiklashyapti. Jahlim chiqqani shundaki, nega boshqa nom bilan tiklashadi, bu bor narsa edi-ku, shu loyiha zo‘r bo‘lsa, davom etaversin”, – dedi G‘aniyev ta’lim vazirliklarini birlashtirish ta’lim sifatiga qanday ta’sir etishi haqidagi savolga javoban.















