“Dekret” pulining qancha qismi budjetdan to‘lab beriladi? 

Faoliyat turidan qat’iy nazar yuridik shaxs tashkil qilib, faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan ayollarga “dekret” pulining bir qismi davlat budjeti hisobidan to‘lab beriladi. Umumiy tartib Mehnat kodeksiga asosan ishlaydi. Deylik ayolning ish staji va oylik maoshini inobatga olgan holda, unga “dekret” puli 6 million so‘m chiqadi – shu summaning 2 million so‘mi davlat tomonidan kompensatsiya qilib beriladi. Qolgan qismini tadbirkor o‘zi to‘lab berishi kerak.

2022 yil uchun 200 milliard so‘m ajratilmoqda. Bu degani qariyb 100 mingta ayolga Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa to‘lab beriladi. Agar mablag‘ yana zarur bo‘lsa, hukumat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirish yo‘llari ko‘rib chiqiladi.

Bu tartib barcha homilador ayollar uchun amal qiladimi?

Yo‘q, bunda o‘ziga yarasha talablar bor. Bular:

  • Nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi kerak;
  • Yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lgani, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilgani hamda uning buyruqlari korxona tomonidan kiritilgani hisobga olinadi;
  • Shuningdek, 6 oy davomida ayolning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak;
  • Nafaqa faqatgina 2022 yilning 1 sentabridan boshlab “dekret”ga chiqqan ayollarga to‘lab beriladi.

Shu kategoriyalarga to‘g‘ri kelgan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab beriladi.

Moliya vazirligi departament direktori Gulnora Murodova / Foto: Moliya vazirligi

Qayerga murojaat qilish kerak?

Hech qayerga murojaat qilish shart emas, jarayon pro-aktiv (elektron ko‘rsatiladigan xizmat) tarzda amalga oshiriladi. Ayollarimiz “dekret”ga chiqishdan oldin xohlaydimi, yo‘qmi, tibbiyot muassasalariga murojaat qilib, “bolnichnyy list” olishadi. Tibbiyot muassasalarida ayti hamshiralar bor, ular byulleten berishdan oldin ayolimizni yagona ijtimoiy himoya reyestriga alohida ro‘yxatdan o‘tkazishadi. Bitta iltimosimiz bo‘lardi, ayollarimiz ayti hamshiralar ism-familiya va telefon raqamlarini so‘rab ro‘yxatga olganda, to‘g‘ri ma’lumot berishlari lozim.