Jamiyat | 21:35 / 06.09.2022
36775
2 daqiqa o‘qiladi

7-sinf o‘zbek tili darsligiga Murod Nazarov haqida matn kiritilganiga izoh berildi

Xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning aytishicha, 7-sinf o‘zbek tili darsligiga tadbirkor Murod Nazarov haqida matn kiritilgani sababini mualliflardan so‘rash kerak. XTV vakilining bu javobi “Darslik mazmunini muallif belgilaydimi yo vazirlik?”, “Maktab o‘quvchilari Murod Nazarov hayotini nega o‘rganishi kerak?” kabi yangi savollarni uyg‘otadi.

7-sinf o‘zbek tili darsligiga tadbirkor Murod Nazarov biografiyasi va unga oid matn kiritilgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingandi. Xalq ta’limi vazirligining maktab darsliklari ijarasi va ularning sifati mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri mutasaddilarga darsliklar mazmun-mohiyati bilan bog‘liq savol bilan murojaat qildi. Jumladan, 7-sinf o‘zbek tili darsligiga nega aynan tadbirkor Murod Nazarov haqida matn kiritilgani haqidagi savol o‘rtaga tashlandi.

Savolga xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev javob berdi.

“Avvalambor mualliflardan so‘rash kerak. Bu yerda o‘tirgan boshqarma rahbarlari har bir darslikni – aytganimdek, 300dan ortiq maket ishlab chiqilgan – ishlab chiqqan jami 500dan ortiq muallif bor. Aynan shu shaxs yoki darslik emas, umuman hozirgi ko‘p darsliklarimiz hayotga moslashtirilgan. Siz aytgan matn aynan Kun.uz'da chiqqan matndan olingan edi. Aytmoqchi bo‘lganim, xorijiy til darsliklarini olsangiz ham, matnlar bilan ishlash, real voqeliklarni ko‘rsatish holatlari keng tarqalgan.

Aynan siz aytgan darslikning mualliflari bor. Ular bilan intervyu qilib, ulardan so‘rash maqsadga muvofiq bo‘lardi. Boshqa darsliklarda ham zamonamizda faoliyat olib boradigan, yashaydiganlar ham borligini aytib o‘tmoqchiman. Shu kitobning o‘zida turli sportchilar, san’at vakillari haqida hikoyalar, ma’lumotlarni uchratish mumkin”, – dedi Sharifxo‘jayev.

Mavzuga oid