15:04 / 08.09.2022
6505

Qozog‘istonda to‘rt kunlik ish haftasi joriy etilishi mumkin

Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ijtimoiy himoya masalalari to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjat tegishli portalda e’lon qilindi, deb yozadi Nur.kz.

Tushuntirish xatida aytilishicha, «Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi prezident murojaatnomasi doirasida ishlab chiqilgan Ijtimoiy kodeks loyihasi qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.

«Qonun loyihasini ishlab chiqishdan maqsad - Qozog‘iston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini Ijtimoiy kodeks qabul qilinishiga muvofiqlashtirish zarurati», — deyiladi eslatmada. 

Qonunning qabul qilinishi mehnat bozori barqarorligini ta’minlash sohasidagi siyosatni takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning shaffofligini oshirish hamda ijtimoiy sohadagi keskin vaziyatlarga tezroq javob berishga ko‘maklashishi kutilmoqda. 

Qonun loyihasining yangiliklaridan biri qozog‘istonliklarning to‘rt kun ishlash imkoniyatidir. 

«Tomonlarning kelishuviga ko‘ra, mehnat shartnomasi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasiga almashtirish huquqi bilan to‘rt kunlik ish haftasini belgilashga imkon beradi», — deyiladi qonun loyihasida. 

To‘rt kunlik ish haftasi bilan qo‘shimcha ishlarning umumiy davomiyligi oyiga o‘n ikki soatdan va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak. 

«Besh kunlik, olti kunlik yoki to‘rt kunlik ish haftasi bilan umumiy dam olish kuni yakshanba hisoblanadi. Besh kunlik va (yoki) to‘rt kunlik ish haftasi bilan ikkinchi yoki uchinchi dam olish kunlari jamoa shartnomasi yoki mehnat qoidalari bilan belgilanadi», — deyiladi hujjatda.

Top