O‘zbekiston | 23:00 / 10.06.2026
1024
4 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ochilmoqda

10 iyun kuni TIVda Shvetsiya delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tarkan, migratsiya bo‘yicha ikkita hukumatlararo hujjat imzolandi. Ularga muvofiq, Shvetsiyaga mehnat muhojirlarini qonuniy jo‘natish kengaytiriladi. Shuningdek, Stokgolm konchilik sanoati bo‘yicha o‘z yechimlari hamda uskunalarini taklif etmoqda.

Shvetsiya qirolligi tashqi ishlar vazirligining xalqaro rivojlanish hamkorligi va tashqi savdo bo‘yicha davlat kotibi Diana Yansening mediaga ma’lum qilishicha, bu davlatdan asosan uchta yo‘nalish – telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash hamda konchilikka asosiy investitsiyalar tikiladi.

Muzokaralarda ikki tomon kompleks aloqalarni muhokamadan o‘tkazdi. Diplomatik idoralarning uzoq muddatli dialogi ortidan asosiy natija – migratsiya bo‘yicha ikki muhim hujjatning imzolanishi bo‘ldi. Ya’ni Shvetsiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik bitimi, qonuniy migratsiya va akademik almashinuvlarni osonlashtirishga yo‘naltirilgan migratsiya va mobillik pilot dasturini ishga tushiruvchi ahdlashuv deklaratsiyasi imzolandi.

- O‘zbekiston tomoni bilan nimani gaplashdingiz va bu hujjatlar nimani anglatadi o‘zi?

- Men O‘zbekistonga biznes delegatsiyasini ham olib keldim, shuning uchun savdo masalalariga katta e’tibor qaratildi. Imzolangan maxsus kelishuvga kelsak, bu migratsiya to‘g‘risidagi bitimdir. U mamlakatlarimiz o‘rtasida tartibga solingan va muntazam migratsiya oqimlarini yo‘lga qo‘yishga huquqiy asos bo‘lishi kerak, - deydi davlat kotibi Diana Yanse.

O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayevga ko‘ra, boshqa Yevropa davlatlari singari Shvetsiyada ham ayniqsa, IT mutaxassislari hamda tibbiyot xodimlariga talab kuchli.

Shvetsiya TIV davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, migratsiya rasmiy Stokgolm uchun ham ustuvor vazifa. Shuningdek, Shvetsiya konchilik bo‘yicha hamkorlikka jiddiy intilmoqda.

- Migratsiya bo‘yicha O‘zbekiston bilan rejalarni amalga oshirish qanchalik oson?

- Shvetsiya Adliya vazirligi va sizdagi Migratsiya agentligi kelishuvdan maksimal foydalanadi. Ikkala hukumat uchun ham bu ustuvor vazifa. Hujjat mazmun bilan boyitilishi kerak.

-Shvetsiya Qirolligi uchun O‘zbekistonga sarmoya kiritishda qaysi yo‘nalishlar qulay?

  • Investitsiya bo‘yicha o‘zgarishlar katta. Biz barqaror konchilik bo‘yicha dunyoda yetakchimiz. O‘zbekiston konchilikning eski usullaridan qutulmoqchi, zamonaviy xavfsiz va ekologik standartlar asosida ishlashni istaydi. Shvetsiya nafaqat tajriba, balki uskunalar bo‘yicha ham ko‘p narsani taklif qiloladi. Shu bois ham O‘zbekiston konchilik kompaniyalarimiz ish olib bormoqda, - deydi Shvetsiya TIV vakili.

Ma’lum bo‘lishicha, Shvetsiyaning dunyoga mashhur farmatsevtika kompaniyalari bilan ba’zi rejalar bor. Bu davlat biotexnologiya bo‘yicha ham yetakchilardan, hamkorlikda potensiali yuqori soha. Stokgolm O‘zbekistondan ko‘proq mahsulot sotib olishni istaydi, bu maqsadda Milliy savdo kengashi ishlamoqda.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid