Jahon | 21:00 / 09.09.2022
38211
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasi Xarkiv yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishmoqda. Rossiyaning 10 minglik qo‘shini qurshovga tushishi mumkin

Balakliya shahri va uning atrofidagi aholi punktlari ozod etildi. Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastida urush boshidan buyon eng muvaffaqiyatli qarshi hujumlarni amalga oshirmoqda.

Foto: Igor Tkachev / AFP / Scanpix / LETA

5 sentabr kuni keng ko‘lamli qarshi hujum boshlagan Ukraina qurolli kuchlari bahordan buyon ilk bor anchagina yirik shaharni ozod qildi — bu Xarkiv oblasti janubidagi Balakliya shahridir. Ammo bu shahar boy berilishi — Rossiya qurolli kuchlari uchun so‘nggi kunlardagi eng yomon voqea emas. Ukrainaning hujumga o‘tishi Rossiya armiyasida chuqur inqiroz yuzaga keltirdi. Shimoldagi Kupyanskdan janubda Donetsk oblastining Slovyansk shahriga qadar hududda joylashgan butun qo‘shinlar guruhi (bu 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi degani) qurshovda qolishi mumkin. RF qurolli kuchlari uchun vaziyatni ukrain qismlarining tez harakatlanayotgani og‘irlashtirmoqda: uch kun ichida ular Chuguyivdan Balakliyaga qadar keng front bo‘ylab 20 kilometrdan 50 kilometrgacha bo‘lgan masofada ilgarilagan. Rossiyaning hujumni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan zaxira kuchlari hozircha jang maydonida paydo bo‘lmadi.

Ukrainlar amaliyoti haqida nimalar aniq?

Ukraina qo‘shinlari 5 sentabr kuni rossiyaliklarning asosan Donbassdagi «respublika»larda safarbar qilingan va RFning o‘zidan olib kelingan zaxira kuchlari tashkil etgan mudofaasini yorib o‘tishdi. Bu hujum G‘arbdan va Sharqiy Yevropadan yetkazilgan zirhli texnikalarga ega yirik kuchlar bilan amalga oshirildi. Bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarda dushman mudofaasi yorib o‘tilgan:

  • Hujum qilayotganlar Balakliyaga kirmasdan, shaharni shimol va janubdan aylanib o‘tishgan. 
  • Shahardan janubdagi barcha rossiyalik harbiylar bir qancha aholi punktlarini qoldirib, Balakliya markaziga o‘tishgan.
  • Ukraina armiyasi shimoldan kelib qisqa fursatda Balakliya yaqinidagi Verbivkani egallashgan, aftidan, deyarli qarshiliksiz shimoliy-sharqiy yo‘nalishda harakatlangan.
  • Keyingi kuni ular Volohiv Yar qishlog‘i hududida (Balakliyadan 15 kilometr shimoli-sharqda va 4 sentabr kungi front chizig‘idan 20 kilometr masofada) Rossiyaning Izyum atrofidagi kuchlariga bog‘lanadigan yo‘l chorrahasiga yetib kelishdi. Yo‘l-yo‘lakay bir qancha aholi punktlari ozod etilgan.
  • Keyingi kuni ham yurish davom etgan. 7 sentabr kuni ukrain qo‘shini boshqa muhim yo‘llar kesishmasi hisoblangan — Shevchenkovoni egalladi (ukrain maxsus topshiriqli bo‘linmalari posyolkada turgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi). Shevchenkovoga Ukraina qurolli kuchlarining Chuguyiv tomondan hujum qilgan boshqa guruhi ham yetib kelgan bo‘lishi mumkin.
  • Shevchenkovoda Kupyanskdan (Rossiyaning front orti hududi va Xarkiv oblastini boshqarishga da’vogar bo‘lgan kollaboratsionistlar bazasi joylashgan) Izyumga (Rossiyaning Donbassga shimoldan hujum qilgan va Slovyansk yaqinida to‘xtab qolgan guruhi shtabi joylashgan). Bu Izyum va Slovyansk ostonasidagi o‘rmonzorlarda turgan bo‘linmalar ta’minoti murakkablashishini anglatadi.
  • 8 sentabr kuni Rossiya qo‘shini Balakliyani tark etdi. Ukrain harbiylari shahar markaziga yetib kelgan va mahalliy ma’muriyat binosida ko‘tarilgan rus bayrog‘ini olib tashlab, o‘rniga Ukraina bayrog‘ini tikishgan.
  • Rossiyaliklar harbiy harakatlar maydonida o‘nlab texnikalarni qoldirishgan - ularning bir qismi yakson etilgan, bir qismi shikastlangan.

Ukraina tomonining harbiy harakatlar hududidan video va fotolari (Balakliya markazidagidan tashqari) — deyarli hamisha rossiyalik «voyenkorlar» (harbiy muxbirlar)ning xabarlaridan bir kun o‘tib paydo bo‘lmoqda (bu katta ehtimol bilan Ukraina qo‘mondonligining qat’iy senzurasi tufayli). Ko‘p o‘tmay Ukraina qurolli kuchlarining muvaffaqiyatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar paydo bo‘ladi, hozircha esa rossiyalik harbiy muxbirlar frontdagi manbalarining so‘zlari asosida jang maydonidagi vaziyatni tasvirlashmoqda.

Agar rossiyalik «voyenkorlar»ga ishonilsa, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon Balakliyadan ham ichkariroq kirishgan

Rossiyalik «voyenkorlar»ning xabarlariga ko‘ra, ukrain qo‘shini Shevchenkovodan Kupyansk tomon yetib borgan, sharqqa hujum qilayotgan boshqa guruh esa Senkovo qishlog‘i hududida Oskol daryosi bo‘yiga chiqishgan.

Bu xabarlar vizual tasdiqlanmagan. Ammo xabarlar tasdiqlansa, bu RF qurolli kuchlarining Izyumdagi guruhi Kupyanskdan to‘liq uzilib qolishini anglatadi, Rossiyadan Izyumdagi guruh ta’minoti amalga oshiriladigan temiryo‘l Kupyansk orqali o‘tadi. Bu yo‘l to‘silsa, guruhning «katta yer» bilan aloqasi Oskol daryosidan kechuvlar orqali yoki Oskol suv ombori atrofidan sifatsiz avtomobil yo‘llari orqali ham amalga oshirilishi mumkin. 

Ammo yo‘llar ham ukrain qo‘shinlari nazoratiga o‘tishi mumkin: ukrain armiyasi guruhlari Shimoliy Donni kechib o‘tgani (Oskol unga quyiladi) va daryoning bu sohilidagi bir qancha aholi punktlarini egallagani to‘g‘risida videoxabarlar bor. Bu posyolkalar yozning boshida Rossiya armiyasi tomonidan egallab olingandi. Qolaversa, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Kupyanskka Oskol daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik ham ukrain harbiylari tomonidan portlatilgan - bu esa Kupyanskka qo‘shimcha kuchlar yuborilishini qiyinlashtiradi.

Bularning bari shuni anglatadiki, jami soni 10 mingdan ortiq kishini tashkil etuvchi bir necha tuzilmalardan iborat bo‘lgan rus qo‘shinlarining yirik guruhiga operativ qurshovga tushish ehtimoli xavf solmoqda. Rossiyada voqealarning bunday rivojidan qochish uchun yetarlicha kuch borligi aniq emas. Hozircha ukrainlarning hujumlariga qarshilik juda zaif bo‘lmoqda (Ukraina qurolli kuchlarining avgust oyi oxirida Xerson oblastida boshlagan yurishiga qaytarilgan javobdan farqli o‘laroq).

Rossiya armiyasi nega bu safar mag‘lub bo‘lmoqda?

Bu savolga hozircha yagona aniq javob yo‘q.

Katta ehtimol bilan, may oyi va yozning ilk davrida shimoldan Slovyanskka yorib kirishga urinishdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Rossiya qo‘mondonligi bu yo‘nalishga qiziqishni yo‘qotgan. Guruh (may oyida bu butun frontdagi eng yirik guruh edi) qisman «demontaj qilingan», doimiy qismlar zaxiradagilar bilan almashtirilgan.

Qo‘mondonlik hujumga o‘tgan raqibni Xersonda bo‘lgani kabi artilleriya va aviatsiya zarbalari orqali to‘xtatishdan umid qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo Xerson oblastida boshqa omillardan tashqari iyul oyidayoq qo‘shimcha kuchlar tashlangan, jumladan avval Izyum janubida harakatlangan havo-desant qo‘shinlari qismlari yuborilgandi — bu Ukraina qurolli kuchlari hujumlarini to‘xtatib turishga yordam bergandi.

Shu bilan birga, Xerson oblastidagi desantchilar ham tez orada yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin. U yerda Ukraina armiyasi chuqur ilgarilamagan bo‘lsa-da, Rossiya qo‘shinlari uchun vaziyat yomonlashib bormoqda: ular bir qancha muhim aholi punktlarini boy berishgan, ammo vaziyat ayniqsa Dnepr orqali o‘tadigan ko‘priklar ishdan chiqarilgani tufayli og‘irlashgan.

Katta ehtimol bilan, Ukraina armiyasi bundan keyin ham tashabbusni o‘zida saqlab qoladi — kamida Rossiyaning turli hududlarida tayyorlanayotgani aytilayotgan qo‘shimcha kuchlar yetib kelguniga qadar.

Mavzuga oid