Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI kengashi Rossiya bilan soddalashtirilgan viza tartibini to‘xtatib turishni ma’qulladi
Rossiya fuqarolari Yevropa ittifoqi viza kodeksining umumiy qoidalariga bo‘ysunadi. Chexiya ichki ishlar vazirining ta’kidlashicha, Moskva Ukrainada urush boshlab, Yevropa ittifoqi ishonchini buzdi.
YeI kengashi Yevropa ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni butunlay to‘xtatib turishga qaror qildi. 9 sentabr, juma kuni kengash matbuot xizmati xabariga ko‘ra, viza kodeksining umumiy qoidalari Rossiya fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi.
«Vizani soddalashtirish bo‘yicha kelishuv biz bilan umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan ishonchli hamkorlar fuqarolari uchun Yevropa ittifoqiga imtiyozli kirish imkonini beradi», dedi Chexiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Vit Rakushan. «Rossiya o‘zining asossiz bosqinchilik urushi, jumladan tinch aholiga hujumlari bilan bu ishonchni sindirdi va xalqaro hamjamiyatimizning asosiy qadriyatlarini oyoqosti qildi», dedi u. «Bugungi qaror Rossiya harakatlarining bevosita natijasi va bizning Ukraina, uning xalqiga sodiqligimizning yana bir dalilidir», — deya qo‘shimcha qildi Rakushan.
Oddiy rejim Rossiyadan kelgan barcha murojaat etuvchilar uchun viza to‘lovi miqdori 35 yevrodan 80 yevrogacha oshishini bildiradi. 10 kundan 15 kungacha konsulliklar tomonidan viza arizalari bo‘yicha qaror qabul qilish uchun standart vaqt ko‘payadi, qo‘shimcha tekshiruvlar talab qilinadigan ba’zi hollarda 45 kungacha bo‘lishi mumkin. Ariza beruvchilar endi Shengen hududiga bir necha marta kirish uchun amal qiladigan vizani avtomatik ravishda olish imkoniga ega bo‘lmaydi. Ularni berish qoidalari qat’iylashmoqda. Arizani topshirishda Rossiya fuqarolari hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etishlari kerak, ular endi soddalashtirilgan rejimda nazarda tutilgan qisqartirilgan ro‘yxatdan foydalana olmaydi.
Reglament 2022 yil 9 sentabrda Yevropa ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilinishi kutilmoqda. U qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va 2022 yil 12 sentabrdan amal qiladi.
Avvalroq, 6 sentabr kuni Yevrokomissiya (YeK) kelishuvni to‘liq to‘xtatib turish bo‘yicha takliflarni e’lon qilgan edi. «Rossiya kabi bosqinchilik urushi olib borayotgan davlat buzg‘unchi tashqi siyosatni va Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni davom ettirib, qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni mutlaqo mensimaslikni ko‘rsatar ekan, soddalashtirilgan viza rejimidan foydalanish huquqiga ega bo‘lmasligi kerak», deyiladi Bryussel bayonotida. «To‘xtatib turish Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorligi natijasida Yevropa ittifoqi xavfsizlik manfaatlari va a’zo davlatlar milliy xavfsizligiga xavf va tahdidlarning kuchayishiga javobdir», — deyiladi ma’lumotda.
Rossiya fuqarolari endi Yevropa ittifoqiga imtiyozli kirish huquqidan foydalana olmaydi va uzoqroq, qimmatroq hamda murakkabroq viza jarayoniga duch kelishadi, deya ogohlantirdi Yevropa ittifoqi. Yevrokomissiya, shuningdek, YeI davlatlarini Moskva annexia qilmoqchi bo‘lgan Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida berilgan Rossiya pasportlarini tan olmaslikni taklif qildi.
«Rossiyaliklar Yevropa ittifoqiga oson kirish imkoniga ega bo‘lmasligi kerak, Yevropa ittifoqiga sayyoh sifatida sayohat qilish inson huquqlariga kirmaydi», - deydi Yevropa komissari Ilva Yuxansson. Yevropa ittifoqi «hayotiy maqsadlarda sayohat qilayotgan Rossiya viza arizachilarining ayrim toifalari uchun ochiq qoladi, shu jumladan, Yevropa ittifoqi fuqarolarining oila a’zolari, jurnalistlar, dissidentlar va fuqarolik jamiyati a’zolariga», deb va’da berdi Yevrokomissiya.
Mavzuga oid
17:21
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
15:51
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026