17:30 / 10.09.2022
25788

Surxondaryoda Nexia yuk mashinasi ostiga kirib ketdi. Ikki kishi halok bo‘ldi, 4 kishi jarohatlandi

Nexia mashinasi qoidalarni buzgan holda svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib, chorrahadan o‘tayotgan MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashgan va uning ostiga kirib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Surxondaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishicha, 2022 yil 9 sentabr kuni M-41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz tumani Qoraxon mahallasidan o‘tgan 1609-kilometrida mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi haydovchi Nexia mashinasi bilan harakatlanib kelayotib, Termiz tumani Qoraxon mahallasidagi M-41 va M39A yo‘li kesishgan chorrahada Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi haydovchi boshqaruvida bo‘lgan MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, Nexia haydovchisi va yana bir yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Nexia mashinasida bo‘lgan yana to‘rt nafar yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, Termiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Nexia haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda svetoforning qizil chirog‘iga amal qilmasdan o‘tmoqchi bo‘lganda, chorrahadan o‘tayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib, uning ostiga kirib ketgan.

Hozirda hodisa yuzasidan Termiz tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Sirdaryoda Lacetti mashinasi yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan kelayotgan Nexia-2 bilan to‘qnashib ketgan va oqibatda 4 kishi halok bo‘lgandi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Spark va Gentra o‘zaro to‘qnashganda yong‘in kelib chiqqan, hodisa oqibatida har ikkala mashina hamda ularda bo‘lgan jami 8 kishi yonib ketgandi.

Mavzuga oid
Top