10:44 / 12.09.2022
3160

Yevroittifoqning Rossiya bilan soddalashtirilgan viza rejimi amal qilishni to‘xtatdi

Yevropa ittifoqida Rossiya bilan soddalashtirilgan viza rejimini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida qabul qilingan.

Foto: AA

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida qabul qilingan Shengen vizalari olishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi Rossiya bilan kelishuvni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi Yevropa ittifoqi qarori 12 sentabr, dushanba kuni amal qila boshladi

Avvalroq, 9 sentabr kuni u Yevropa ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgan va shu kuni kuchga kirgan edi. YeIning Rossiya bilan viza tartibini soddalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror 12 sentabrda kuchga kirishi kerak bo‘lganligi Yevropa ittifoqi yakuniy ma’qullanganidan keyin 48 soat ichida Rossiyani bu haqda xabardor qilishi shartligi bilan izohlanadi. 

Shartnomaning to‘xtatilishi rossiyaliklar uchun viza to‘lovi 35 yevrodan 80 yevroga oshishini bildiradi. Bundan tashqari, endi viza berish shartlari va buning uchun talab qilinadigan hujjatlar hajmi ortadi. Ko‘p martalik vizalar berish qoidalari qat’iylashtiriladi. 

Ayni paytda, Yevrokomissiya (YeK) shoshilinch sabablarga ko‘ra sayohat qilayotgan rossiyaliklar, xususan, Yevropa ittifoqi fuqarolarining oila a’zolari, jurnalistlar, dissidentlar va fuqarolik jamiyati vakillari uchun Yevropa ittifoqiga eshiklar ochiq ekanligini ta’kidladi. Ushbu toifadagi Rossiya fuqarolari uchun Yevropa ittifoqi mamlakatlari, masalan, viza to‘lovini yana kamaytirishi yoki hatto undan butunlay voz kechishi mumkin, deb ta’kidladi YeK. 

Shengen hududiga Yevropa ittifoqining 22 davlati, shuningdek, Norvegiya, Lixtenshteyn, Islandiya va Shveytsariya kiradi. Rossiya va Yevropa ittifoqi o‘rtasida viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim 2007 yildan beri amal qiladi. 2022 yil 24 fevralda Moskvaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri soddalashtirilgan viza rejimi Rossiya hukumati vakillari, shuningdek, Rossiyadan kelgan diplomatlar va tadbirkorlar uchun bekor qilindi. 

Bir kun avval Chernogoriya tashqi ishlar vaziri Ranko Krivokapich o‘z mamlakatining rossiyaliklar kirishiga cheklov qo‘shilishi tarafdori ekanini aytdi. Agar hukumat bu taklifni qo‘llab-quvvatlasa, Podgoritsa Rossiya bilan viza rejimini joriy qilishi mumkin. 

«Chernogoriya Yevropa ittifoqining sodiq hamkori va tashqi ishlar vaziri mamlakatimiz bu qarorda hozirgacha bo‘lgani kabi Yevropa ittifoqiga to‘liq qo‘shilishi kerak, deb hisoblaydi», — deya ta’kidladi mamlakat TIV. 

Mavzuga oid
Top