Jahon | 11:44 / 13.09.2022
8041
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Kiyev Vashingtondan 300 kilometr masofadagi nishonni uruvchi raketalar so‘radi

Foto: Sgt. James Hobbs / Keystone Press Agency / Global Look Press

Ukraina hukumati AQShdan qo‘shimcha qurollar, jumladan uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar so‘ragan. Bu haqda Ukraina hukumati amerikalik kongressmenlarga yuborgan hujjatda aytiladi. Hujjat nusxasi The Wall Street Journal ixtiyoriga kelib tushgan.

Nashrning yozishicha, hujjatda 29 turdagi qurollar va o‘q-dorilar nomi keltirilgan, Kiyev tomoni so‘zlariga ko‘ra, bunday qurollar «2023 yilda ham yurishni davom ettirish» uchun kerak bo‘ladi.

Ro‘yxatga yer — yer tipidagi 300 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonni yo‘q qilishga qodir bo‘lgan taktik ballistik raketalar (ATACMS), tanklar, uchuvchisiz uchar qurilmalar, artilleriya tizimlari, Harpoon rusumli kemalarga qarshi raketalar, shuningdek HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi uchun 2 mingta raketa kiritilgan.

  • Yangi qurollar yetkazib berish to‘g‘risidagi so‘rov ukrain kuchlarining Xarkiv oblastidagi muvaffaqiyatli yurishlari fonida yuborildi. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning ma’lum qilishicha, 1 sentabrdan 12 sentabrga qadar Ukraina qurolli kuchlari qariyb 6 ming kvadrat kilometr hududni ozod etgan.
  • 7 sentabr kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy va Oliy radadagi mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, general-leytenant Mixail Zabrodskiy maqola e’lon qilgan, unda Ukrainaga urushning borishini o‘zgartirish uchun uzoq masofaga harakatlanuvchi qurol-yarog‘lar, shu jumladan ATACMS raketalari zarurligi aytilgandi.
  • The Wall Street Journal nashri Vashington bungacha Kiyevga uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar yetkazib berishdan bosh tortganini eslatgan, o‘shanda Amerika tomoni ukrainlar bunday qurollar orqali Rossiya hududiga zarba berishi va eskalatsiya ko‘lami ortishi mumkinligidan xavotirlangandi.
  • Nashr baholariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga allaqachon 15 milliard dollardan ortiq hajmdagi qurollar va xavfsizlik sohasidagi boshqa yordamlarni yuborishga ulgurgan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid