Umumiy ma’lumotlar: Xitoy bilan uzun chegaraga ega, qator yo‘nalishlarda transport koridori bo‘lishi mumkin bo‘lgan Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasida hozirda 3,4 mln aholi yashaydi. Maydoni ulkan – 1 564 116 km km va dunyo bo‘yicha bu borada 19-o‘rinda. YaIM hajmi 47 mlrd dollar, aholi jon boshiga 14 270 dollar (2022). 

Juda ko‘pchilik Mo‘g‘uliston tushunchasini Chingizxon bilan bog‘lab yodga oladi va bu tushunchalar shu yerning o‘zida tugaydi. Chindan ham Chingizxon va uning avlodlari Makedonskiydan ham, Rim imperiyasidan ham kattaroq hududni zabt etishgan hamda dunyo tarixiga nihoyatda kuchli ta’sir o‘tkazishgan. Hozir ham Mo‘g‘ulistonda u juda ulug‘lanadi, ulkan haykallari bunyod etilgan, har bir mo‘g‘ulistonlik tarixi bilan faxrlanishni yaxshi ko‘radi.

Lekin hoqonlar tarixi faqat Chingizxon bilan cheklanib qolmaydi. Chunki Chingizxon yigirma yildan sal ortiqroq hukmdorlik qilgan. Uning o‘g‘illari, nabiralari ham zafarli yurishlarni davom ettirishgan hamda imperiya hududlarini muttasil kengaytirib borishgan. Markaziy Osiyo hududlarida qolganlarining aksariyati keyinchalik Islom dinini qabul qilishgan va mahalliy aholi bilan qo‘shilib ketishgan.

Zamonaviy Mo‘g‘uliston

Bu davlat o‘z tilida Mo‘g‘ul ulusi deb ataladi va bir asr oldin, 1921 yilda Xitoydan mustaqil bo‘lgan. O‘zbekistonga o‘xshash jihati – dengizga chiqish yo‘li yo‘q. Hududi juda katta bo‘lsa-da, faqat ikki davlat – Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh.

Davlatchilik asoslarini tuzgan ilk yillaridan boshlab SSSR bilan mustahkam aloqalar o‘rnatgan va sotsialistik tuzumning aksariyat unsurlarini o‘zida qo‘llagan Mo‘g‘ulistonda o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida dinga qarshi kurash olib boriladi. Natijalar dahshatli edi – buddizmga e’tiqod qiluvchi aholining 36 ming nafari, ya’ni 5 foizdan ortig‘i qirib tashlanadi. Bunday katta ko‘rsatkich sababi ham bor edi – har uch erkakdan biri monaxlik yo‘lini tanlagandi.

Ikkinchi jahon urushi yakunida SSSR bilan birgalikda Yaponiya qo‘shinlari tor-mor etilishida ishtirok etgan Mo‘g‘uliston 1945 yilda referendum o‘tkazadi va juda muhim siyosiy yutuq – Xitoyning bu davlatni tan olishiga erishadi. Shundan so‘ng bu masalani ortga surgan boshqa davlatlar ham Mo‘g‘uliston davlatini rasman tan ola boshlaydi. Bu borada so‘nggi diplomatik hujjat o‘zining xalqaro maqomi noaniq bo‘lib turgan Tayvan tomonidan 2002 yilda imzolanadi.

1952 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Yumjagiyn Tsedenbalning 1984 yilga qadar «taxt»dan tushmagani Mo‘g‘uliston tarixida o‘ziga xos davr sifatida eslanadi. O‘sha davr hozirgacha ham ayrim mutaxassislar tomonidan to‘kinlik va barqarorlikni yodga tushirsa, yana kimlar uchundir bu demokratiyadan yanada chekinish, turg‘unlik va inson huquqlarining toptalishi bilan ta’riflanadi.