Farg‘ona viloyati tuman va shaharlari chegaralari o‘zgartirilishiga senatorlar rozilik bildirdi
Senat o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida “Farg‘ona viloyati Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari va Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaroriga oid masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Farg‘ona viloyati shaharlari va tumanlari chegaralarida muammoli masalalar mavjud bo‘lib, ushbu hududlarda istiqomat qilayotgan aholi hayotida turli qiyinchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyati Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan hududlarda yashovchi aholi aksariyat qismi shaharlardagi ijtimoiy soha (maktab, bog‘cha, kasalxona) muassasalariga qatnashiga to‘g‘ri kelmoqda.
Muhandislik-kommunikatsiya tizimlari (elektr tarmoqlari, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minoti) korxonalari ham shaharlar hududidan tortilgan bo‘lib, Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari tarkibiga o‘tkazilayotgan hududlarga ushbu korxonalar tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida aholi juda zich joylashgani bois, shaharlarni rivojlantirish, ular hududini yanada kengaytirish kabi muammoli masalalarni yuzaga chiqarmoqda.
Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunga asosan Farg‘ona viloyati yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Farg‘ona viloyati O‘zbekiston, Dang‘ara va Uchko‘prik tumanlaridan jami 2,6 ming gektar yer maydoni Qo‘qon shahri tarkibiga, Farg‘ona, Qo‘shtepa va Toshloq tumanlaridan jami 1,1 ming gektar yer maydoni Marg‘ilon shahri tarkibiga, Farg‘ona tumanidan 812 gektar yer maydoni Farg‘ona shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda.
Ushbu shaharlar hududi tarkibiga qo‘shimcha kiritilayotgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalariga qarashli 1 673 gektar yerlar vaqtincha qishloq xo‘jaligi korxonalari ixtiyorida qolishi va ushbu yerlarni qishloq xo‘jaligi ehtiyojlaridan boshqa maqsadlar uchun ajratish shaharlar bosh reja loyihasi, bosqichma-bosqich O‘zbekiston amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Tumanlardan shaharlarga o‘tkazilayotgan aholi uy-joy kadastr hujjatlari va propiskasini qayta rasmiylashtirish talab etiladi. Kadastr hujjatlari va propiskani rasmiylashtirishda fuqarolardan qo‘shimcha mablag‘lar talab etilmaydi.
Muhokama etilgan masala bo‘yicha Senat tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
23:35 / 25.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:20 / 22.11.2024
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
19:02 / 21.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:28 / 21.11.2024