15:43 / 14.09.2022
6263

Qrimda to‘rt kishi ukraincha qo‘shiq uchun qamaldi

Restoranlardan biridagi to‘yda mehmonlar ukrain tilida qo‘shiq kuylagan. Ziyofat zalining egasi 15 kunga qamaldi, bayramning boshqa ba’zi ishtirokchilari ham qamaldi yoki jarimaga tortildi.

Foto: Reuters

Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimda Baxchisaroy tuman sudi olti nafar to‘y ishtirokchisini ukrain tilida qo‘shiq kuylagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortdi. Bu haqda 14 sentabr, chorshanba kuni sud saytida xabar berildi. Voqea «Arpat» restoranida 10 sentabr kuni mehmonlar «Chervona kalina» qo‘shig‘ini yoqib qo‘yganida sodir bo‘lgan.

Sud jarayoni natijasida banket zalining egasi 15 kunga qamaldi, dijyey va raqqosa har biri 10 kunga, kuyovning onasi 5 kunga qamaldi, kelinning onasi 40 ming rubl, restoran egasining rafiqasi - 50 ming rubl miqdorida  jarimaga tortildi. Ularning barchasi «natsistlar atributikasi yoki belgilarini targ‘ib qilish» (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.3-moddasi 1-qismi) va Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» (Ma’muriy javobgarlik kodeksining 20.3.3-moddasi 1-qismi) moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. 

Sud ukrain tilidagi «Chervona kalina» qo‘shig‘ini armiyani «obro‘sizlantirish» deb topdi. Sudga ko‘ra, u «Rossiya hududida faoliyati taqiqlangan Ukraina millatchilari tashkiloti (UMT) tomonidan foydalaniladi», shuning uchun ushbu qo‘shiq «Rossiya qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish haqidagi ma’lumotni o‘z ichiga oladi». 

«2022 yil 10 sentabr kuni Baxchisaroy shahrida joylashgan «Arpat» banket zalidagi to‘y chog‘ida ukraincha qo‘shiq ommaviy eshittirilgan, ekspert xulosasiga ko‘ra, bu qo‘shiq faoliyati ekstremistik deb tan olingan va Rossiya hududida taqiqlangan ukrain millatchilari tashkiloti (UMT) jangovar qo‘shig‘i hisoblanadi», - deyiladi sud saytida. 

Bir kun avval Baxchisaroy ma’muriyati restoranni tekshirish uchun yopgan edi. 11 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda mehmonlar «Chervona kalina» ukraincha qo‘shig‘iga qo‘shilib kuylagan to‘ydan video paydo bo‘ldi.

Qrim rahbari Sergey Aksyonov bunday tadbirlar tashkilotchilari va ishtirokchilari javobgarlikka tortilishi kerakligini aytdi. «Aniqlangan barcha faktlar va ommaviy tadbirlarda Ukraina shiorlari aytilayotgani, qo‘shiqlar va millatchilik madhiyalari kuylanayotgani haqidagi tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ular jinoiy qonun bo‘yicha jazolanadi», - dedi rasmiy.

«Bunday xatti-harakatlar mamlakatimizga va bugun o‘z hayoti evaziga dunyoni himoya qilayotganlarning barchasiga xiyonatdir. Ukraina natsistlari rejimini qo‘llab-quvvatlayotganlar uchun esa o‘zlari juda yaxshi ko‘rgan mamlakatga ketish oqilona va mantiqiy bo‘lar edi», - dedi Aksyonov.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top