Jahon | 09:10
1717
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shinlari Izyumga hujum uyushtirdi

Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Xarkiv viloyatida joylashgan Izyum shahriga yana hujum amalga oshirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba boshqariluvchi aviatsiya bombalari hamda Shahed turidagi uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida berilgan. Hujum oqibatida jabrlanganlar borligi ma’lum qilinmoqda.

Foto: AP

Izyum tuman harbiy ma’muriyatining Telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, hujum 15 iyul kechasi sodir etilgan. Hozircha jabrlanganlar soni va ularning ahvoliga oid aniq ma’lumotlar keltirilmagan.

Ma’muriyat xabariga ko‘ra, hujum natijasida fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetgan. Xususan, kommunal korxonalar mulki, qishloq xo‘jaligi texnikalari, xususiy uylar hamda boshqa fuqarolik obektlari shikastlangan va vayron bo‘lgan. Shuningdek, bir nechta joyda yong‘inlar kelib chiqqan.

Hujum vaqtida shaharda bir necha bor havo hujumi xavfi e’lon qilingan.

Bu Izyumga so‘nggi kunlarda uyushtirilgan ilk hujum emas. Avvalroq, 5 iyul kuni Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov Rossiya zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, kamida uch nafar ayol jarohatlanganini ma’lum qilgan edi. Ularning barchasi shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, o‘sha hujumda yonilg‘i quyish shoxobchasi binosi vayron bo‘lib, beshta avtomobil shikastlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid