Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya bilan aloqani uzish rejasi. Yevropa rus gazisiz o‘tadigan qishga tayyorlanmoqda
Yevropa Ittifoqi Rossiya energiya resurslaridan voz kechishga qat’iy qaror qildi, chunki Vladimir Putin ulardan Yevropaga qarshi iqtisodiy urush quroli sifatida foydalanmoqda deb hisoblaydi. Bu oson emas va qimmatga tushadi. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi gaz blokadasi sharoitida qishni qanday o‘tkazish, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun pulni qayerdan olish kerakligi bo‘yicha yangi rejani taqdim etdi.
Yevropa Ittifoqi so‘nggi yarim asrdagi eng yirik energetika inqiroziga uchradi. Bu dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga yarim trillion yevrodan ko‘proq zarar keltirdi. Qish hali boshlanmadi, isitish mavsumi oldinda, ammo gaz narxi o‘tgan yilgidan 10 barobar qimmat.
Bunga Putin aybdor, deb hisoblaydi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.
«Rossiya energiya bozori bilan faol ravishda manipulyatsiya qilmoqda», dedi u Yevroparlament va Yevropa Ittifoqining 450 million fuqarolariga yo‘llagan murojaatida. - Rossiya nafaqat Ukrainaga qarshi urush boshladi. Bu bizning energetikamizga, iqtisodiyotimizga, qadriyatlarimiz va kelajagimizga qarshi urushdir».
Bu qarama-qarshilikda Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatdan bardosh va birdamlik talab qilinadi. Yevrokomissiya tomonidan e’lon qilingan yangi reja aynan shuni kuchaytirishga qaratilgan. Shundagina g‘alaba kafolatlanadi, deb qo‘shimcha qildi fon der Lyayyen.
«Putin yutqazadi. Ukraina va Yevropa esa g‘alaba qozonadi», dedi u va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga, Kremlga nisbatan esa qattiqqo‘llik qilishga va’da berdi.
«Sanksiyalar saqlanib qoladi. Endi yon berish emas, qat’iylik davri keldi».
Har qanday holatda ham g‘alaba
Kreml Yevropa Ittifoqiga qarshi energiya urushini bir yildan buyon davom ettirmoqda. Putin bu urushda hujumga o‘tganini Yevropa yozdayoq tushunib olgan edi.
May oyiga kelib, Rossiya gazini yetkazib berish hajmi uch yillikning eng yuqori ko‘rsatkichlaridan ikki barobar pasaydi va kuniga 250 million kub metrga tushib qoldi. Iyul oyi boshida esa «Gazprom» «Shimoliy oqim» magistral quvurini oldin profilaktika maqsadida, so‘ngra butunlay o‘chirdi. Oqibatda gaz yetkazib berishning kundalik hajmi 80 million kub metrga tushdi – tarixiy minimum.
Yevropa zudlik bilan gaz blokadasiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi, qanday qilib Rossiya energiya manbalarisiz qishni o‘tkazib olish haqida o‘ylab, favqulodda rejalarni tuzdi. Birinchisi iyul oyida paydo bo‘ldi. U qish uchun gaz to‘plashni nazarda tutar edi.
Ikkinchi rejani fon der Lyayyen xonim e’lon qildi. U elektr energiyasini qanday tejash va energetiklarning yuqori daromadlarini qimmat narxlardan aziyat chekayotgan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga qayta taqsimlash haqida edi.
Yevropa Komissiyasining yozgi (birinchi) rejasi uchta asosiy banddan iborat:
1) neft, gaz va ko‘mirning muqobil yetkazib beruvchilarini topish;
2) gazni tejash va oktyabrgacha omborlarni 80 foizga to‘ldirish;
3) yangi energiya manbalariga investitsiyalar miqdorini oshirish.
YeI katta mablag‘ evaziga bo‘lsa-da, har uchala bandni bajarishda muvaffaqiyatga erishdi.
Ukrainaga bostirib kirishdan oldin Rossiya Yevropaga energiya resurslarining asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan. Yevropaning bu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojining 60 foizi import bilan qoplanadi. Rossiya nefti, neft mahsulotlari, gaz va ko‘mir Yevropa iste’molining deyarli 25 foizini qoplagan, gaz ulushi esa ayniqsa yuqori bo‘lgan – 40 foizgacha.
Hozir Norvegiya Yevropa Ittifoqiga Rossiyadan ko‘ra ko‘proq gaz yetkazmoqda. «Gazprom»ning Yevropa bozoridagi ulushi 40 foizdan 9 foizga tushib qoldi, deydi Yevrokomissiya rahbari.
Omborlar bilan bog‘liq vaziyat ham yaxshi: ularni 1 oktyabrgacha 80 foizga to‘ldirish rejasi ortig‘i bilan bajarildi – ko‘rsatkich allaqachon 84 foizga yetgan.
Ammo, qishda elektr energiyasining zanjirsimon uzilishi oldini olish choralari qimmatga tushdi. Bloomberg iqtisodchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, yevrohududning 19 mamlakati bu yil gaz sotib olishga qo‘shimcha yarim trillion yevro sarflaydi, oqibatda iqtisodiy o‘sishning 2 foizidan mahrum bo‘ladi. Agar qish juda sovuq kelsa va Yevropa inqirozga qarshi kurashda birdamlikka erishmasa, zarar ikki barobar ko‘p bo‘ladi.
Qisman bu qiymatni aholi va biznes to‘laydi, lekin ular narxlarning 10 barobar oshishini ommaviy bankrotsizlik va ijtimoiy larzalarsiz ko‘tara olmasdilar. Shu sababli, hukumatlar vaziyatga subsidiyalar bilan aralashdi. Ya’ni ular bu qiymatning katta qismini soliqlar hisobiga, shu jumladan, kelajakdagi soliqlar hisobiga qopladi. Buning uchun qarz olindi.
Qish hali boshlanmadi, ammo Yevropa Ittifoqida energiya inqiroziga qarshi kurash uchun budjet xarajatlari allaqachon 350 milliard yevrodan oshib ketgan. Ittifoqni tark etgan Buyuk Britaniya ham ortda qolmadi va yaqinda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning misli ko‘rilmagan rejasini tasdiqladi. U ikki yil ichida kamida 150 milliard funt sterlingga tushadi.
«Rossiya energiya resurslariga qaramlik biz uchun juda va juda qimmatga tushmoqda», dedi fon der Lyayyen. «Biz bu qaramlikdan qutulishimiz kerak. Biz Rossiyani boshqa ishonchli yetkazib beruvchilar bilan almashtirishimiz kerak, masalan, AQSh, Norvegiya, Jazoir va boshqalar».
Yangi reja
Yevrokomissiyaning yangi rejasi uchta muammoni hal qilishga qaratilgan: elektr energiyasi iste’molini qanday kamaytirish, narxlarni qanday ushlab turish va aholi bilan biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun pulni qayerdan olish.
Bryussel mulozimlarining barcha dastlabki takliflari blokning 27 mamlakati rasmiylari tomonidan to‘g‘ri qabul qilinmadi. Shu sababli, fon der Lyayyen faqat energetika vazirlari tomonidan ma’qullangan takliflar bilan cheklandi. Ular uchta.
- Energiya kompaniyalari uchun o‘ta yuqori daromad solig‘i yoki «birdamlik to‘lovi»ni joriy etish. Kompaniyalar odatdagidan besh barobar ko‘p daromad olishdi. Lekin bu rahbariyatning aql-zakovati yoki jasorati tufayli emas, balki Putin birinchi navbatda Yevropaga gaz yetkazib berishni qisqartirgani, Rossiya esa Ukrainaga qarshi urush boshlab, sanksiyalar ostida qolgani uchun ro‘y berdi.
- Gaz yordamida ishlab chiqilmaydigan, asosan yadroviy va qayta tiklanadigan energiya uchun narxlar chegarasini o‘rnatish. Bunday ishlab chiqaruvchilar gazga pul sarflamaydi, ularning energiyasi tannarxi past va bozor umumiy bo‘lgani sababli, uni xuddi gaz bilan ishlaydigan elektr stansiyalari kabi o‘ta qimmat narxda sotmoqda.
- Iste’mol miqdori oshib ketadigan soatlarda barchani energiyani tejashga majburlash. Kim va qancha miqdorda tejashi kerakligiga keyinroq oydinlik kiritiladi.
Energiya kompaniyalaridan soliq sifatida olingan qo‘shimcha 140 milliard yevroni ijtimoiy jihatdan eng kam himoyalangan fuqarolarga taqsimlash, muhim korxonalar, shifoxonalar va maktablarning gaz to‘lovlarini subsidiyalash rejalashtirilmoqda. Hozircha soliq stavkasi noma’lum, o‘ta yuqori foydaning taxminan uchdan bir qismini budjetga olish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Putinning tahdidi ish berdi
Yangi rejaga eng radikal taklif – Rossiya gazi narxining yuqori chegarasini belgilash kiritilmadi.
Fon der Lyayyen bu g‘oyani e’lon qilishi bilan, Putin Rossiyadan energiyani faqat oldindan belgilangan, cheklangan narxda sotib olish taklifini «mutlaqo ahmoqlik» deb atadi. Bunga javoban gaz va boshqa hamma narsani «o‘chirib qo‘yish» bilan tahdid qildi.
«Agar bu bizning manfaatlarimizga, bu holatda iqtisodiy manfaatlarimizga zid bo‘lsa, hech narsa yetkazib bermaymiz. Gaz ham, neft ham, ko‘mir ham, yoqilg‘i ham bermaymiz, hech narsa bermaymiz», dedi Putin va navbatdagi marta Yevropaning boradigan boshqa joyi yo‘qligiga ishonishini aytdi.
«Bizni biror narsaga majburlamoqchi bo‘layotganlar bugun o‘z xohish-irodasini bildiradigan holatda emas. Yaxshilab o‘ylab ko‘rishsin», dedi u.
Natijada, narxning yuqori chegarasini belgilash haqidagi taklifga nafaqat Rossiya ta’minotiga qaram bo‘lgan Vengriya, Slovakiya va Avstriya, balki Germaniya, Niderlandiya va Daniya ham qarshi chiqdi.
Bunday vaziyatda Yevrokomissiya (amalda Yevropa Ittifoqi hukumati) ushbu rejaga narx chegarasini kiritmadi. Chunki takliflar qonun va qoidaga aylanishdan oldin, birinchi navbatda Yevropa parlamenti, keyin esa barcha 27 mamlakat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Ularning har biri veto huquqiga ega.
30 sentabr kuni Yevrokomissiya rejasi Yevroparlamentda muhokama qilinadi. Undan oldin energetika vazirlari narx chegarasi masalasida kelishuvga erishishi ham mumkin, ammo bunga hech kim ishonmayapti.
Ammo bu cheklovsiz ham inqirozga qarshi choralarning yangi paketi YeI uchun yutuqdir, chunki kelishmovchiliklar ba’zi tafsilotlarga taalluqli, Rossiya bilan aloqani uzish bo‘yicha umumiy yondashuvga emas, deydi Eurasia Group tashkilotidagi Yevropa masalalari bo‘yicha ekspert, professor Mij Raxmon.
«Rossiyaning Yevropaga energiya resurslari yetkazib beruvchi yetakchi sifatidagi maqomi barham topishiga sanoqli kunlar qoldi».
Mavzuga oid
10:00
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026