O‘zbekiston | 22:52 / 15.09.2022
40950
5 daqiqa o‘qiladi

Katta siyosat maydoniga aylangan Samarqand. Sammitning 1-kuni asosiy voqealari

Samarqanddagi Shanhay hamkorlik sammiti shu kunlarda dunyo miqyosidagi eng katta siyosiy tadbir bo‘lib turibdi. Ko‘hna shaharda 14 ta davlatning rahbarlari jam bo‘lgan. Sammitning ilk kunida ular o‘zaro uchrashuvlar o‘tkazyapti. Ayrim uchrashuvlar jahondagi geosiyosiy vaziyat fonida alohida e’tiborli.

Kecha Xitoy, Eron, Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston yetakchilari yetib kelgandi. Bugun Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Pokiston, Ozarboyjon, Belarus, Turkiya, Qozog‘iston va Hindiston rahbarlari Samarqandga tashrif buyurdi. Aksariyat mehmonlarni aeroportda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Qator davlat rahbarlari tashrifini Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi.

Kun davomida 14 rahbar orasidan ayniqsa Shavkat Mirziyoyevning ish jadvali juda tig‘iz bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti ayni paytgacha oliy darajali mehmonlarning ko‘pchiligi bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazib ulgurdi.

Xitoy raisi Si Jinping bilan bo‘lgan tadbirlar alohida ahamiyatga ega. Davlat tashrifi maqomidagi anjumanda Shavkat Mirziyoyev Si Jinpingga oliy darajadagi “Do‘stlik” ordenini topshirdi. Rasmiy xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining 4 ta asosiy yo‘nalishi – avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma bo‘ladi. Shu va boshqa yo‘nalishlarda jami 15 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolandi. Taqqoslash uchun, oxirgi 5 yilda Xitoy O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalar miqdori 10 mlrd dollar bo‘lgan.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishini boshlash haqida uch tomonlama bitim imzolangani ayniqsa muhim voqea bo‘ldi. Ma’lumot uchun, hozirda Xitoy tovarlari O‘zbekistonga Rossiya va Qozog‘iston orqali kirib keladi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif o‘zaro uchrashuvida Transafg‘on temiryo‘li qurilishini tezlashtirish kerakligi ta’kidlandi. Shubhasiz, Xitoy va Pokistonga temiryo‘lning o‘tishi dengizdan to‘silgan O‘zbekistonga janubiy va sharqiy yo‘nalishlarda juda katta imkoniyatlarni ochadi.

Shavkat Mirziyoyevning Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuvida ham logistikaga oid muhim yangilik yangradi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan “Agroekspress” loyihasiga Belarus ham qo‘shilishi mumkin. Bu – Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’minot zanjirining ishi tezlashishini anglatadi.

Shavkat Mirziyoyevning tojikistonlik va qirg‘izistonlik hamkasblari bilan uchrashuvlarida asosiy mavzulardan biri energetika bo‘ldi. Imomali Rahmon bilan uchrashuvda Yavon GESi, Sadir Japarov bilan muloqotda esa Qambarota-1 GESini qurish ishlarini tezroq boshlash muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti kechga yaqin Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashdi. Tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolandi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Putin Mirziyoyevga Aleksandr Nevskiy ordenini topshirdi.

Sammit doirasida mehmonlar nafaqat Shavkat Mirziyoyev bilan, balki ko‘plab o‘zaro uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Xususan, Vladimir Putinning faolligi e’tiborga molik. Rossiya prezidenti dasturidan Samarqandda naq 10 ta uchrashuv o‘rin olgan. Ular orasidan Xitoy, Turkiya, Eron, Hindiston va Ozarboyjon yetakchilari bilan muloqotlari ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Putinning boshqa uchrashuvlari, masalan, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Pokiston rahbarlari muloqotlari boshqa tomondan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Avvaliga Sadir Japarov uni biroz kuttirib qo‘ygan bo‘lsa, keyin Serdar Berdimuhamedov yon daftarini, undan so‘ng Shahboz Sharif tarjimon ulangan quloqchinini tushirib yubordi.

Sammit ishtirokchilari Samarqanddagi xalqaro turizm markazida daraxt ekishdi.

Yuqorida aytganimizdek, jahondagi geosiyosiy vaziyat fonida ikki tomonlama uchrashuvlarning amaliy ahamiyati ertaga bo‘lib o‘tadigan yalpi yig‘ilishdan qolishmaydi. Ma’lumot uchun, sammitga tashrif buyurishi kutilgan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon bilan chegaradagi vaziyat sababli kelmadi.

Bugun oqshom mehmonlar sharafiga O‘zbekiston prezidenti nomidan norasmiy kechki ovqat tashkil etildi.

Mavzuga oid