Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida Putin bilan uchrashdi
O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
15 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, ShHTning Samarqand sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Vladimir Putin, o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha darajalarda jadal va samarali rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
Tomonlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya sherikligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. E’tiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.
Sanoat kooperatsiyasi jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar boshlandi.
Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.
Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.
Hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida 50 ga yaqin tashriflar bo‘ldi.
Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini o‘tkazishga kelishib olishdi.
Shuningdek, prezidentlar tadbirlarga boy va keng ko‘lamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadi.
Rossiya oliy ta’lim muassasalarining xorijdagi filiallari soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turadi. So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.
Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqlashdi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.
O‘zbekiston rahbari Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlandi.
Mavzuga oid
23:44 / 22.11.2024
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
22:12 / 22.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
21:33 / 22.11.2024