Rossiya tomonining «maxsus harbiy operatsiya»ni rejalashtirishdagi kritik noto‘g‘ri hisob-kitoblari Ukrainaning ilk yirik g‘alabasiga olib keldi. Rossiya qo‘shinlariga nafaqat tirik kuchlar, frontdagi vaziyat haqida o‘ta muhim axborotlar ham yetishmayapti. Dastlabki mag‘lubiyat Rossiyada qizg‘in muhokama qilinmoqda. Nega bunday bo‘lib chiqqani «Mojyem ob’yasnit» tahliliy materialida tushuntirildi.

Urushni o‘rganish instituti xaritasida havorang bilan sentabr oyidagi qarshi hujumida Ukraina qurolli kuchlarining ozod qilgan hududlari ko‘rsatilgan

Kutilmaganlik effekti

Sentyabr oyi boshlarida Xarkiv oblastida boshlangan qarshi hujum Rossiya harbiylari uchun mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi. Avvalboshdan ular zarbani Xersonda kutishayotgan edi — kuzning dastlabki kunlari Ukraina harbiylari o‘zlarining javob operatsiyasini aynan o‘sha yerda boshlaydigandek ko‘rinayotgandi.

Biroq bir necha kun o‘tib, Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastida joylashgan qarama-qarshi front bo‘ylab qaqshatkich zarba berishdi.

Natijada Rossiya armiyasi o‘nlab aholi manzillarini, katta qiyinchilik bilan egallangan minglab kvadrat kilometr bilan o‘lchanadigan hududlarni boy berdi. Xarkiv shahri ostonasidagi front chizig‘i Oskol va Shimoliy Don daryolari ortiga chekindi, Kiyev o‘z dushmanidan bir nechta muhim platsdarmlar (Izyum va Balakliya)ni qaytarib olib, Rossiya chegarasigacha chiqdi.

Bunday shiddatli va kutilmagan mag‘lubiyatning sababi nimada? Quyida Rossiya qo‘mondonligining beshta jiddiy xatosini sanab o‘tiladi.

Himoyasiz yuzlab kilometrlar