Jahon | 18:39 / 19.09.2022
9189
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyada dollar taqchilligi mamlakat iqtisodiyotini inqirozga olib kelmoqda

Neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda o‘ninchi o‘rinda turadigan Nigeriyaning oltin-valuta zaxiralari yil boshidan beri 5 foizga kamaygan. 

Foto: Reuters

Naqd dollar yetishmovchiligi sababli Nigeriya iqtisodiyoti neft narxi ko‘tarilishiga qaramasdan inqirozga uchradi, deb xabar berdi Financial Times nashri.

Mamlakat hukumati milliy valuta nayradan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida valuta operatsiyalariga qo‘ygan cheklovlar bois Nigeriyada dollar taqchilligi yuzaga keldi. Hukumat dollar sotib olishni chekladi va nayrani bir necha marta devalvatsiya qildi. 

Qayd etilishicha, neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda o‘ninchi o‘rinda turadigan Nigeriyaning oltin-valuta zaxiralari yil boshidan beri 5 foizga kamaygan. 

Dollar sotib olishga nisbatan cheklov kiritilishi natijasida valuta qora bozori paydo bo‘ldi - dollarning rasmiy kursi 420 nayra bo‘lsa, qora bozorda 700 nayrani tashkil etmoqda. 

Nashrning yozishicha, keng miqyosdagi korrupsiya va samarasiz iqtisodiy choralar neftga boy Nigeriyaning ushbu xomashyo eksportini oshira olmasligiga olib keldi. Nigeriyaning kunlik kvotasi 1,8 mln barrel bo‘lgani holda, mamlakat kuniga 1,1 mln barrel neft eksport qilmoqda.

Mamlakatda dollar taqchilligi xorij kompaniyalari bilan aloqa qiluvchi mahalliy kompaniyalar, mahalliy investorlar va farzandlari xorijda tahsil oladigan fuqarolarga borgan sari kuchliroq zarba bermoqda. Ular to‘lov uchun dollar topishga tobora qiynalishmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid