Soxta "referendum"lar qonuniy tusga ega emas" – G‘arb yetakchilari Ukraina sharqida o‘tkazilishi rejalashtirilgan referendumlar haqida
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish natijalari soxtalashtiriladi.
Donetsk va Luhansk, shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporijjya oblastlarining bosib olingan qismlarida Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyatlar 23-27 sentabr kunlari Rossiya tarkibiga kirish bo‘yicha “referendum”lar o‘tkazishga qaror qildi.
Bu G‘arb davlatlari yetakchilarining keskin tanqidiga uchradi.
Ukrainaning bosib olingan hududlarida Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risida o‘tkaziladigan "referendum"lar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaydi, dedi Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron.
Makronning qayd etishicha, Ukraina sharqida "referendum"lar o‘tkazish taklifi Rossiyaning qo‘shni davlat hududiga bostirib kirganidan keyingi yana bir provokatsiyasidir.
"Rossiya e’lon qilgan bu narsa parodiya deb o‘ylayman, - dedi Makron. – Bu tsinizm va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaydi".
Vashington Moskvaning "referendum"lar o‘tkazish rejasini keskin tanqid qildi.
"Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaning har qanday bosib olingan qismlariga nisbatan da’volarini hech qachon tan olmaydi. Biz bu hududlarni Ukrainadan boshqalarning qismi deb tan olmaymiz. Biz Rossiyaning harakatlarini qabul qilmaymiz", - dedi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan.
U rejalashtirilgan "referendum"larni "xalqaro tizimga asoslangan suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillarining tahqirlanishi" deb atadi. Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish natijalari soxtalashtiriladi.
"Soxta “referendum”lar qonuniy tusga ega emas va Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi ko‘rinishini o‘zgartirmaydi. Bu Putin urushining yanada avj olishi. Xalqaro hamjamiyat xalqaro huquqning bu tarzda buzilishini qoralashi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi kerak", - dedi alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg.
Germaniya Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi "referendum"lar natijalarini tan olmaydi, dedi GFR kansleri Olaf Shols.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu soxta "referendum"lar nomaqbulligi aniq", ularning o‘tkazilish shartlari esa xalqaro huquq va shartnomalarga mos kelmaydi.
Soxta "referendum"lar ham, gibrid "safarbarlik" ham Rossiyaning holatini o‘zgartira olmaydi, deb yozdi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Twitter sahifasida. Uning ta’kidlashicha, Rossiya "Ukraina yerlarining bir qismini noqonuniy egallab olgan davlat bo‘lib qolaveradi", Ukraina esa kelgusida "Rossiyadagilar nima deyishmasin, bosib olingan hududlarini ozod qiladi".
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024