O‘zbekiston | 11:04 / 23.09.2022
4940
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyatining 3ta tumanida qariyb 4 mlrd so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilindi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 2,1 mlrd so‘mlik, Shahrisabz tumanida 1 mlrd so‘mlik, Yakkabog‘ tumanida 990 mln so‘mlik kredit mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura huzuridagi Departament pul mablag‘lari talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Ch.B.» MChJ va «R.Sh.» dehqon xo‘jaligi ta’sischisi J.A. tijorat banki filiali mas’ul shaxslari bilan oldindan til biriktirib, 40 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomiga ajratilgan jami 2,1 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi, Shahrisabz tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «B.T.» dehqon xo‘jaligi rahbari T.B. hududiy tijorat banki filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari O.T. bilan o‘zaro til biriktirib, baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Sariosiyo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «A.A.» fermer xo‘jaligi rahbari A.N. tijorat banki filiali mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, «forel» baliqlarini yetishtirish maqsadida intensiv havza tashkil etish uchun ajratilgan 1,9 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Yakkabog‘ tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa «X.N.» MChJ rahbari A.Q. bank filialidan ajratilgan 990 mln so‘m kredit mablag‘ini hamda garov ta’minotiga qo‘yilgan «Y.Ye» MChJga tegishli issiqxona binosining jami 304,3 mln so‘mlik metall quvurlarini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Guliston shahar bo‘limi tomonidan bank filiali murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «S.T.» MChJ rahbari Sh.Yu. va boshqalar tijorat banki filialidan olingan 700 mln so‘m kredit evaziga sotib olingan polietilen granulalarini sotib yuborib, kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid