O‘zbekiston | 09:33 / 27.09.2022
1955
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh universitetlarida o‘zbekistonlik o‘qituvchi va talabalar uchun amaliyotlar tashkil etiladi

O‘zbekiston TIV rahbari AQShda yuqori malakali vatandoshlar bilan uchrashdi.

BMT Bosh assambleyasi 77-sessiyasida ishtirok etish uchun AQShga tashrif buyurgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qo‘shma Shtatlarning yetakchi banklari, fondlari, IT kompaniyalari, nufuzli oliy o‘quv yurtlari va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston hukumatining xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlari, ular uchun O‘zbekistonda investitsiya, ta’lim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.

Diaspora a’zolari O‘zbekiston emitentlariga, jumladan, banklar va xususiy kompaniyalarga texnik yordam ko‘rsatishni davom ettirishga, Vashingtondagi institutsional investorlar bilan O‘zbekiston moliya sektori vakillari uchun uchrashuvlar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha AQSh universitetlarida o‘zbekistonlik o‘qituvchi va talabalar uchun amaliyotlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston va AQSh tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, klinik treninglar o‘tkazish, davolash protokollarini birgalikda takomillashtirish yo‘llari muhokama qilindi.

O‘zbekistonlik yoshlarni IT mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitish, ta’limda Amerika ilg‘or tajribasini, yangi metodologiyalar va amaliyot dasturlarini joriy etishga hamda startaplarni ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid