Jahon | 14:12 / 30.09.2022
3084
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada pensiya islohotiga qarshi namoyishlar o‘tkazildi

Fransiyada pensiya yoshini oshirishga qarshi 250 mingdan ortiq odam norozilik namoyishi o‘tkazdi, deya ma’lum qildi namoyish tashkilotchilari. Rasmiylar pensiya yoshini 62 yoshdan 65 yoshga oshirmoqchi.

Foto: Reuters

Fransiyaning turli shaharlarida 29 sentabr, payshanba kuni o‘n minglab odamlar ish haqini oshirish va hukumatning pensiya yoshini oshirish rejasini rad etishni talab qilib, ko‘chalarga chiqdi. «Biz pensiya yoshi bo‘yicha muzokaralar olib borishni xohlamaymiz», dedi Fransiyaning eng yirik kasaba uyushma tashkiloti - Umumiy mehnat konfederatsiyasi (CGT) rahbari Filipp Martines. Fransuzlar uzoqroq ishlashni xohlamaydi, dedi u. 

CGT ma’lumotlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab 200 ga yaqin norozilik namoyishlarida 250 000 dan ortiq odam qatnashgan va unda umummilliy ish tashlashga chaqirilgan. Fransiya Ichki ishlar vazirligi 118 500 namoyishchi va 179 miting haqidagi ma’lumotni e’lon qildi. 

Birgina Fransiya poytaxti Parijda, tashkilotchilarga ko‘ra, 40 mingga yaqin namoyishchi ko‘chalarga chiqqan. Politsiya ularning sonini 13,5 ming kishi deb hisoblagan. Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ish tashlashlarda o‘qituvchilarning 11 foizga yaqini qatnashgan. AFP xabarida aytilishicha, mamlakat ichida poyezdlar harakati cheklangan, shahar atrofidagi ba’zi poyezdlar va avtobuslar odatdagidan kamroq harakat qilyapti. 

Namoyishlarni chap lager siyosatchilari ham qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, Marselda so‘l populistlardan sobiq prezidentlikka nomzod Jan-Lyuk Melanshon namoyishda ishtirok etdi. 

Bir kun avval Fransiya hukumati prezident Emmanyuel Makron tomonidan bir necha bor ilgari surilgan pensiya islohoti masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni uzaytirishga rozi bo‘ldi. Yangi qonun 2023 yilning yozida kuchga kiradi. 2031 yilga borib, 65 yoshga to‘lish uchun pensiya yoshini har yili bosqichma-bosqich oshirish muhokama qilinmoqda. Fransuzlar hozirda 62 yoshda pensiyaga chiqadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid