10:46 / 01.10.2022
5442

NATO: Ukraina o‘z hududlarini ozod qilish huquqiga ega

NATO bosh kotibi Kiyevning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini Putin Ukrainaning to‘rtta mintaqasini «Rossiyaga qo‘shilishi»ni e’lon qilgani va Ukraina o‘z hududlarini ozod etish huquqini bildirganidan keyin izohladi.

Foto: Getty Images

NATO kuch va e’tiborini Kiyevga barcha zarur yordamni ko‘rsatishga qaratadi. Ukraina NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berish huquqiga ega, biroq yangi a’zolarni qabul qilish to‘g‘risidagi qaror Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. 30 sentabr, juma kuni Bryusselda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Ukrainaning NATOga tezlashtirilgan asosda qo‘shilish haqidagi arizasiga shunday izoh berdi.

«Yevropadagi har bir demokratiya NATOga a’zo bo‘lish huquqiga ega. Ittifoqchilar Madridda o‘tgan alyans sammiti chog‘ida Ukrainaning harbiy ittifoqlarni o‘zi tanlash huquqini qo‘llab-quvvatlaganimizni aniq aytishdi. Biroq a’zolikni blokning 30 a’zosi hal qiladi va biz buni konsensus tamoyiliga asoslangan holda qabul qilamiz», dedi Stoltenberg. U, aftidan, Ukrainaning NATOga kirishi bo‘yicha ittifoqchilar o‘rtasida birdamlik yo‘qligiga shama qildi.

U, shuningdek, NATO «Ukraina Rossiyaning shafqatsiz agressiyasidan o‘zini himoya qila olishi uchun unga zudlik bilan yordam berishga e’tibor qaratayotganini» ta’kidladi. Shvetsiya va Finlandiya misolida bo‘lgani kabi, Ukrainaga tezlashtirilgan qo‘shilish tartibini qo‘llash mumkinmi, degan savolga NATO bosh kotibi javob bermadi.

Yyens Stoltenberg Ukrainaning egallab olingan hududlarida «Moskva rejissyorlik qilgan psevdoreferendumlar»ni qoraladi va alyans a’zolari ularni Rossiyaning bir qismi sifatida hech qachon tan olmasligini aytdi. «Rossiyani bu hududlarni egallashga urinishlarni bas qilishga chaqiramiz. Bu Ukraina yeri. Donetsk bu - Ukraina. Luhansk bu - Ukraina. Xerson bu - Ukraina. Zaporijjya bu - Ukraina. Xuddi Qrim kabi, u ham - Ukraina», - dedi Stoltenberg. U NATO «mojaroda ishtirok etmasa ham, alyans Ukrainani o‘zini himoya qila olishi uchun qo‘llab-quvvatlashi»ni ta’kidladi.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda Ukrainadagi urush 24 fevraldan beri «eng jiddiy avj olgan nuqtaga» keldi, chunki «Putin minglab odamlarni safarbar qildi, yadro quroli bilan tahdid soldi va Ukraina hududlarining bir qismini noqonuniy ravishda annexia qildi». Biroq, bu Kremlning kuchi emas, balki kuchsizligining ko‘rinishi va «Putin o‘z strategik maqsadlariga erishishda yutqazdi». «Putin bu urush uchun javobgar, shuning uchun jasur ukrainaliklarning azob-uqubatlariga barham berish, dunyoni qamrab olgan energiya va oziq-ovqat inqirozini to‘xtatish ham uning mas’uliyati. Agar Rossiya urushni to‘xtatsa, tinchlik o‘rnatiladi. Agar Ukraina urushni to‘xtatsa, u Yevropaning milliy va mustaqil davlati sifatida yo‘q bo‘lib ketadi», dedi NATO bosh kotibi.

Rossiyaning davlat yadroviy doktrinasiga ko‘ra, Moskva o‘z hududlarini himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanish huquqini saqlab qolgan. Bunda u Ukraina mintaqalarining bosib olingan qismlarini ham hisobga olyapti. Alyansdagi ittifoqchilarga ko‘ra, Ukraina BMT nizomida mustahkamlangan «o‘z hududlarini ozod qilishni davom ettirish huquqiga ega». «Agar biz annexiani qabul qilsak, bu Rossiyaning yadroviy shantajiga bo‘ysunganimizni anglatadi, keyin esa boshqa avtoritar rejimlar o‘zlari xohlagan narsaga erishish uchun xuddi shunday tahdidlardan foydalanadi», — dedi NATO bosh kotibi.

U Kremlning yadroviy ritorikasini xavfli va mas’uliyatsizlik deb atadi va Moskvaga «yadro urushida hech qachon g‘alaba qozonib bo‘lmasligini» eslatdi. NATO Rossiyani yadro qurolidan foydalanish og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida aniq ogohlantirdi. «Bizni Ukrainada xavfli urush kutib turibdi, biroq Putinning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ysak, u xavfsiz bo‘lib qolmaydi», dedi NATO rahbari.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top