Jahon | 17:39 / 04.10.2022
14529
2 daqiqa o‘qiladi

«Biz qatnashyapmiz. Ammo hech kimni o‘ldirmaymiz». Lukashenko - Belarusning «maxsus amaliyot»dagi ishtiroki haqida

Lukashenko Belarus ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy amaliyoti»da ishtirok etayotganini tasdiqladi.

Foto: Getty Images

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko harbiy xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Lukashenko yig‘ilishning maqsadi «mamlakatdagi harbiy-siyosiy holatni tahlil qilish» ekanini aytgan.

Yig‘ilish davomida Lukashenko Belarus ham Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»da (Rossiyada urushni shunday atashadi) ishtirok etishini aytgan. Ammo u Belarus harbiylarini Rossiyaga yordam berish uchun Ukrainaga yubormasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus yaradorlarni davolash, qochoqlarni qabul qilish va mojaro mamlakat hududiga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qiladi.

«Lekin biz hech kimni o‘ldirmaymiz, o‘z harbiylarimizni hech qayerga yubormaymiz, o‘z burchlarimizga sodiq qolamiz», degan Lukashenko.

Urush boshlangani Belarus o‘z hududi orqali Rossiya qo‘shinlariga Ukrainaga hujum qilish imkonini yaratib bergan. Ko‘p o‘tmay Lukashenko mamlakat hududidan Ukrainaga raketa otilganini tasdiqlagandi.

Yig‘ilishda Lukashenko Belarusda safarbarlik bo‘lishi haqidagi xabarlarni feyk deb atadi. Uning iddao qilishicha, chindan zaxiradagi harbiylarni tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha buyruq bergan, lekin faqatgina «Rossiyaning xatolarini takrorlamaslik uchun xolos».

«Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach, qanday kamchiliklar bo‘layotganini ko‘rdik. Ularning ishiga aralashmaymiz, safarbarlikni qanday amalga oshirish Rossiyaning o‘z ishi. Ammo safarbarlik qog‘ozi olib borilganda kimdir joyida bo‘lmagan: kimdir o‘lgan, kimdir qochgan, kimdir kasal bo‘lgan. Mana shu biz uchun dars bo‘lishi kerak», dedi Lukashenko.

Lukashenkoning aytishicha, harbiy komissariatlarida tozalash ishlari olib borilgandan keyin hududlardagi zaxiradagilarni chaqirish, kerak hujjatlar joyidami yo‘qmi tekshirib qo‘yish kerak.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid