Sud materiallari asosida tayyorlangan ushbu maqolada barcha ism-familiyalar o‘zgartirib berilmoqda. Qaniydi, ismlarni o‘zgartirgandek taqdirlarni ham o‘zgartirib bo‘lsa...
Birinchi qadam
Dars tugab, tanaffusga qo‘ng‘iroq chalingach, 8-sinfning o‘yinqaroq o‘quvchilari tashqariga oshiqdi. Lola esa hech qayoqqa shoshilmasdi. Sinfdoshi Sabinaning chizmachilik fanida ishlatadigan hech kimda yo‘q o‘quv qurollari jamlanmasini o‘ziniki qilish istagi xayolini band etgan. Mana, u kutgan qulay imkoniyat, sinfda o‘zidan boshqa hech kim yo‘q.
Sinfdoshining sumkasini kavlab, o‘quv qurollarini izlar ekan, yuragi tez-tez urib, qo‘llari titray boshladi. Kimdir uni kuzatib turgandek tuyuldi. Qo‘rqa-pisa eshik tomonga o‘girilar ekan, hech kim yo‘qligini ko‘rib harakatni jadallashtirdi. Izlagan narsasini topib, sumkasiga soldi. Ko‘zlari olazarak qiz ishni bajarib bo‘lgach, chuqur nafas olarkan qo‘llari hamon titrayotganini sezdi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan, voqeaning davomi uni xavotirga solayotgandi.
Maktab hovlisi shovqin-suron, barcha sinfdoshlari bolalikning beg‘ubor osmonida kezib o‘ynashmoqda, sinfxonada yolg‘iz qolgan Lola esa juftakni rostlash payida. Kirish qo‘ng‘irog‘i chalindi. 4-soat — chizmachilik fani. Ketmasa, o‘g‘riligi fosh bo‘lishi mumkin...
Uyiga yetib kelganida ham kimdir kuzatib turgandek tuyildi. Hozir sinfdoshi onasi bilan kelib yoqasidan oladigandek bo‘laverdi. Tushgacha sodir bo‘lishi kutilgan janjalga tayyor turdi. O‘quv qurollari jamlanmasini ham yashirib qo‘ydi. Xayolan o‘zini oqlash uchun turli bahonalar izladi.
Ammo... u kutgan hodisa sodir bo‘lmadi. «Hech kim bilmadi», deya quvondi. Buyumlarni yashirib qo‘ygan joyidan olib tomosha qildi. Barcha qo‘rquv o‘tdi, endi xavotirga o‘rin yo‘q.
Biroq u bilmasdiki, sinfdoshlari o‘g‘rilik sodir bo‘lganini sezishgan va hammaning gumoni — dars tugamay uyga ketib qolgan, tengdoshlariga qo‘shilmay, o‘zidan kichkinalarni qo‘rqitib, gapini o‘tkazadigan Loladan edi.
Sabina uyiga yig‘lab keldi. Bo‘lgan voqeani va gumonini aytdi. Onasi o‘sha qizning uyiga bormoqchi bo‘ldi, biroq buvisi «qo‘ying, talashib yurasizmi, undan ko‘ra boshqasini olib bera qoling», deya kelinini shashtidan qaytardi.
Ertasi kuni Sabina hech nima demasa-da, uning nigohida «ana, o‘g‘ri kelyapti, narsalaringga ehtiyot bo‘linglar», degan ma’no mujassam edi. Sinfdoshlariga e’tibor ham bermaydigan qiz negadir barchaga bir-bir qarab chiqdi. Yonidan o‘tib ketayotgan sinfdoshlari xuddi «sen o‘g‘risan, olgan narsangni qaytar», deyayotgandek tuyular, himoyaga tayyorlanib turgan Lola Nuriddinovaning esa har safar gapi ichida qolar, shu lahzada ich-ichidan pushaymon edi. Aynan o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushirmagani uchun ham hech kim aybini yuziga ayta olmadi. Andishani qo‘rqoqlikka yo‘ygan qizaloqning ongida yana shunday ish qilsam bo‘ladi, menga hech kim, hech narsa demadi-ku, degan o‘y paydo bo‘ldi. Jazolanmay qolgan kichik o‘g‘rilik yanada kattaroqlariga yo‘l ochdi.















