Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalar tarbiyasida yo‘l qo‘yiladigan 10 ta keng tarqalgan xatolik: psixologlar va tadqiqotlar nima deydi?
Bola tarbiyasida eng to‘g‘ri yo‘l yo‘q, ammo xato qadamlar borki, ular bolaning ruhiy rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan. Psixologiya, neyrobiologiya va bolalar rivojlanishi bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ayni xatolar bolaning kelajakdagi o‘z-o‘zini baholashi, ijtimoiy moslashuvi va shaxsiy hayotiga ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlanadi.
Quyida shu sohadagi nufuzli ilmiy manbalar — AQSh Pediatriya Akademiyasi (AAP), Developmental Psychology jurnali, Dan Siegel, John Bowlby kabilarga tayangan holda 10 ta asosiy xatolar tahlil qilinadi.
1. Bolaga baqirish va qo‘pol muomala qilish stressga tushiradi. Psixologlarga ko‘ra, qattiq ovoz bolaning miyasida “hujum” signali kabi qabul qilinadi. Bu bilan stress gormoni — kortizol keskin oshadi. Bu esa bolada:
- xavotir,
- o‘rinsiz qo‘rqish,
- agressiya,
- o‘z-o‘zini past baholash kabi holatlarni keltirib chiqaradi.
Development and Psychopathology jurnalidagi tadqiqotda baqiriq bilan tarbiyalangan bolalarda xavotir va depressiya belgilari yuqoriroq ekani ko‘rsatilgan.
2. Bolani boshqalar bilan solishtirmang. Tanqid yoki solishtirish — bolaga motivatsiya bermaydi. Aksincha, “men boshqalardek bo‘lolmayapman” degan ichki fikrni mustahkamlaydi. Psixologlar bunga “ichki solishtirish tuzog‘i” deb nom berishadi. Bunday bola katta bo‘lsa, doim boshqalar bilan o‘zini taqqoslab yuradi va shaxsiy yutuqlardan qoniqmaydi.
3. Ota-ona va farzand o‘rtasida mehr va emotsional yaqinlik yetishmasligi. Psixolog John Bowlby tomonidan ilgari surilgan “beshik bog‘lanish nazariyasi”ga ko‘ra, bolaga mehr yetishmasligi uning butun hayotidagi shakllanishiga ta’sir qiladi. Bunday bolalar o‘ziga ishonchi past, doim xavotirda, boshqalar bilan muloqotda qiynaladigan bo‘lib o‘sishi mumkin. Mehr — nafaqat kuchoqlash, balki tinglash, qabul qilish, tushunishdan iborat.
4. Haddan tashqari tanqid va taqiqlar qo‘yish ham xato. Taqiqlarning ko‘pligi bolani emas, uning erkin fikrlash qobiliyatini “boshqaradi”. Natijada bola tashabbuskorlikni yo‘qotadi.
Minnesota universitetida o‘tkazilgan tadqiqotda bolaga “haddan tashqari nazorat” o‘rnatilsa, uning ijodiy fikrlashi va qaror qabul qilish qobiliyati sekinlashishi aniqlangan.
5. Bolaning fikrini jiddiy qabul qilmaslik, ya’ni unga ahamiyat bermaslik. “Sen hali kichkinasan”, “Nimani ham tushunasan?” kabi gaplar bolaning shaxs sifatida qabul qilinmasligini anglatadi. Bu esa bolada o‘z fikrini ayta olmaslik, muloqotda qiynalish, o‘zini past baholash kabi muammolarga olib keladi.
6. Biz eng ko‘p qo‘llaydigan qo‘rqitish orqali ta’sir o‘tkazish bola uchun eng katta zarar beradi. "Militsiya olib ketadi", "Do‘xtir ukol qiladi", "Qo‘rqinchli narsa keladi" degan tahdidlar bolaning ruhiyatini jarohatlaydi. Bu bolani tashqi dunyodan qo‘rqish, uyqu buzilishi, xavotir sindromi kabi holatlarga tushirib qo‘yadi. Psixologlar fikriga ko‘ra, “qo‘rqitish orqali tarbiya” — eng ko‘p ruhiy zarar yetkazuvchi usullardan biri.
7. Bolani haddan tashqari erkalatish yoki qattiq tarbiya usullarini qo‘llash ham zararga ishlaydi – ota-ona buni bilishi va muvozanatni topishi zarur. Ortiqcha erkalatilgan bolalarda ko‘pincha mas’uliyatsizlik, ortiqcha talabchanlik, hayotda qiynalganda tez taslim bo‘lish kuzatiladi.
Qattiq tarbiya usullari bilan ulg‘aygan bolalar qo‘rquv, qiyin kommunikatsiya, “xato qilishdan qo‘rqish” sindromidan aziyat chekishadi.
8. Ota-ona zinhor bolalar oldida janjallashmasligi kerak. Chunki oilaviy nizolar bola uchun psixologik shok hisoblanadi. Natijada bolada xavotir buzilishi, o‘zini aybdor his qilish, agressiya yoki yopiqlik ro‘y berishi mumkin. 2016 yili o‘tkazilgan Child Development tadqiqotida ota-ona janjali bolalarda stress gormoni kortizol darajasini oshirishi isbotlangan.
9. Bolaga mas’uliyat yuklamaslik ham xato bo‘ladi, har bir bolaning yoshiga va imkoniyatlariga qarab o‘ziga yarasha mas’uliyat yuklash kerak. “O‘zim qilsam tezroq bo‘ladi”, “U hali bilmaydi” kabi yondashuv bolani mustaqillikdan mahrum qiladi. Yoshi va imkoniyatiga qarab berilgan mustaqil vazifalar bolaning ijtimoiy moslashuvi, irodasi, o‘z-o‘ziga ishonchi uchun muhim.
10. Ota-ona amalda namuna bo‘lmasligi esa tarbiyadagi katta xatolardan biri. Bola unga aytilgan “gaplar”dan emas, “amallar”dan o‘rganadi. Munosabatlarni boshqarish, stressga munosabat, muhabbat ko‘rsatish — barchasi ota-onaning namunasi orqali bolaga singadi.
Agar ota-ona muloyim bo‘lsa, boshqalarga hurmat bilan muomala qilsa, har qanday masalani tinch yo‘l bilan hal qilsa bola ham shu qobiliyatlar bilan o‘sadi. Umuman olganda bolalar tarbiyasidagi to‘g‘ri formula – mehr ko‘rsatish, chegara qo‘ya bilish, bolani tinglashdan iborat. Tarbiyada xatolar har bir ota-onada bo‘ladi, ammo ularni anglash va to‘g‘rilash bolaning kelajagi uchun juda muhim.
Mavzuga oid
14:14
Kanada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
12:53 / 11.06.2026
Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa
22:12 / 06.06.2026
Andijonda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgan IIB xodimi qamoqqa olindi
13:52 / 26.05.2026