Bolalarimizga yoshligidanoq pul faqat sarflash uchun emas, balki jamg‘arish uchun ham kerakligini anglatish bilan, ularni katta hayotga tayyorlab borishimiz mumkin. Hayotda mablag‘ni to‘g‘ri boshqarishni bilgan inson iqtisodiy erkinlikka erisha oladi. Shuning uchun bola jamg‘arishni qancha erta o‘rgansa, katta hayotga shunchalik puxta tayyor bo‘ladi.
Buning uchun quyida bir necha tavsiyalar berib o‘tamiz.

Shaxsiy jamg‘arma idishini sovg‘a qiling
Bola uchun alohida pul to‘plash idishi yoki qiziqarli shakldagi jamg‘arma qutisini olib bering. Uning ko‘ziga ko‘ringan, faqat o‘ziniki bo‘lgan jamg‘arma qutisida pul yig‘ish bolaga ilhom beradi. Shu orqali u o‘z mablag‘iga mas’uliyat bilan qarashni o‘rganadi.
Duch kelgan bir qutini olib, skotchlab bermang. Bolaga ta’lim berishda qiziqarli uslublarni tanlash muhimdir.
Kichik maqsad qo‘ying
«Velosiped olish uchun jamg‘aramiz» yoki «Yangi o‘yinchoq uchun pul to‘playmiz» degan maqsadlar bolaga motivatsiya beradi. Maqsadsiz jamg‘arish unga zerikarli va tushunarsiz bo‘lib tuyuladi.
Har qanday jamg‘arma aniq maqsad bilan bo‘lgandagina muvaffaqiyatli kechishi mumkin. Shuning uchun ham ayrim bolalar pul jamg‘ara olmaydi, chunki ota-onasi “Pulingning bir qismini jamg‘arib bor” deydi-yu, lekin nima uchun jamg‘arish kerakligini tushuntirmaydi. Natijada bola ozroq pul yig‘ilishi bilan uni sarflashga qiziqa boshlaydi.
To‘g‘risiyam-da, buyoqda shirindan-shirin shokaladlar, rangli ichimliklar turganda pulni maqsadsiz ravishda qutiga solish mantiqsizlik axir.

Doimiy tushum tizimini joriy eting
Har haftalik kichik “cho‘ntak puli” yoki ba’zi bir ishlar uchun mukofot tariqasida oz miqdorda pul berish mumkin. Masalan, xonani tozalagani yoki o‘qishdagi muvaffaqiyati uchun. Bu pulni qanday sarflashni va qaysi qismini jamg‘arishni esa o‘zi hal qiladi. Bola shunday uslubda mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganadi.
Unga pul jamg‘arishni mukammal o‘rgatganimiz bilan, qo‘liga pul tushmasa, qayerdan pul yig‘sin?! Shuning uchun ta’lim berish maqsadida bo‘lsa ham, o‘rganganlarini amalda qo‘llashi uchun ham unga ba’zida pul berib turishni odat qiling. U pullarni boshqara olishiga qarab, miqdorini o‘zartirishingiz mumkin.














