O‘zbekiston | 18:58 / 04.10.2022
42960
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi: kecha, bugun, ertaga - Kun.uz multfilm

Kambag‘allikni kamaytirish, xalqni boy qilish uchun Amerika ochish shart emas. Ekinzorlarni erkin va ozod dehqonlarga berishning o‘zi qishloqlarning gurkirab rivojlanishiga sabab bo‘la oladi.

Avval dehqonlar o‘zlari bilganicha, talab-taklifdan kelib chiqib dehqonchilik qilaverishgan:

– Qo‘shni, bu yil nima ekamiz?

– Qovun qimmat bo‘ladi-yov, qovun ekamiz!

Kimdir ularga “buni ek, uni qil, buni qil” deyishlarini xayollariga ham keltirishmagan.

Keyin qanaqadir qizilbayroqlilar kelib, hammasini ostin-ustin qivorishgan. “Kolxoz” degan narsaga hammani to‘plab, “yer davlatniki (ya’ni bizniki), yerdan olgan hosil – hammamizniki” deb e’lon qilishgan.

Qishloq xo‘jaligida shaxsiy manfaatdorlik tushib ketgan.

Dehqon yerni O‘ZINIKI deb bilib ishlatsa, u o‘sha yerga G‘AMXO‘RLIK qiladi, chunki uzoq kelajakda ham yeridan foyda olishni ko‘zlaydi. Va barcha kerakli tadbirlarni amalga oshiradi.

Keyin nima bo‘ldi? Yerlar “hammaniki” bo‘lgani uchun ayovsiz ishlatildi: kimyoviy moddalar me’yorsiz – juda ko‘p ishlatildi, hech kim yerning g‘amini yemadi, natijada yerlarning ahvoli yomonlashdi. Suv hisobi olinmagani bois Orol dengizining suvi kamayib ketdi.

Keyin O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi. Ammo yer baribir egali bo‘lmadi. Yerlar “fermerlar” degan kishilarga ijaraga berildi, ular egalik qiladi yerga deyildi.

Ammo ular ham haqiqiy ega bo‘lishmadi. “Paxta va bug‘doy ekasan, mahsulotni davlatga (ya’ni bizga) berasan”, deyishdi ularga. Natijada yer va unda o‘sgan mahsulotga EGA bo‘lmagan fermerlarning ko‘pi yerlarni, tabiiyki, to‘g‘ri ishlatishmadi. Ba’zilari yerga berilishi kerak bo‘lgan o‘g‘itlarni sotishdi, ba’zilari xo‘jako‘rsinga ishlab, hosildan bo‘shagan yerlarni dehqonlarga ikkinchi ekinga sotib o‘tirishdi. Ammo bu hali hammasi emas.

Fermer yerlari ba’zi hokimlar uchun mo‘may daromad manbayi bo‘ldi. Qanday qilib?

Deylik, bir odamga bir fermerning yeri yoqib qoldi – o‘ziga olmoqchi bo‘ldi. Hokimning oldiga borib, shu yerni unga olib berishini so‘raydi. Albatta, mukofot evaziga. Hokim mukofotni olish uchun, haligi fermerni “yomon ishlayapsan”ga chiqaradi. “Yaxshi ishlayapman-ku” desa foyda bermaydi – hokimning qo‘llari uzuun chunki. Masalan suvchiga “suv berma bunga” deydi, suvsiz buning yeri dabdala bo‘ladi va... ish pishdi! Yer anavi odamga olib beriladi, mukofot esa cho‘ntakka tushadi.

Keyin bu yer... yana bir odamga yoqib qoladi, hokim pulini olib uni... unga olib beradi, keyin yana bir odamga bu yer yoqib qoladi va... Bu manzara davom etaverdi, etaverdi. Yerlarning holati esa yomonlashaverdi, yomonlashaverdi, poralar – olinaverdi, olinaverdi. Egasiz yerlar eskichasiga sug‘orilgani bois, Orol dengizi qurib boraverdi, boraverdi. Va... deyarli qurib bitdi.

Ishlar shu holda davom etaversa, O‘zbekiston yerlari yanada ishdan chiqaveradi.

Yerlar o‘z egasini topishi kerak. Uzunqo‘l hokimlar qishloq xo‘jaligiga qo‘lini cho‘zolmasligi kerak. Qishloqlar atrofidagi yerlar o‘sha qishloqlarda yashovchilarga tegishli bo‘lishi kerak – ular orasida usta dehqonlar ko‘pdan-ko‘p. Shunda qishloqlarda ishsizlik kamayadi, kelajakda esa qishloqlar faol iqtisodiy maskanlarga aylanadi. Shunchaki dehqonlar emas, balki oyog‘ida mustahkam turadigan bunyodkor sinf bu yerda yuzaga keladi.

Ssenariy muallifi va rejissyor – Shokir Sharipov,
Rassom-animator – Javlon Turdixo‘jayev.

Mavzuga oid