16:00 / 04.10.2022
5949

O‘zbekiston va Vengriya biznes-forumida iqtisodiy-investitsiyaviy shartnomalar imzolandi

Foto: Savdo-sanoat palatasi

3 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi arafasida Budapesht shahrida o‘zbek-venger biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Forumning barcha tadbirlari O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berar ekan, Peter Siyyarto ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani va Vengriya hukumati ikki mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi hamda Vengriya biznes vakillarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga chaqirdi.

Forum davomida venger kompaniyalariga investitsiyaviy imkoniyatlar, jumladan, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonga GSP+ benefitsiar maqomi berilgani tufayli Yevropa Ittifoqi hamda MDH bozorlariga imtiyozli chiqish imkoniyatlaridan foydalanib samarali sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini yaratish istiqbollari vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, ular davomida ishtirokchilar qo‘shma korxonalar yaratish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni atroflicha ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldilar.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beruvchi qator ikki tomonlama hujjatlar, investitsiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.

Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati Ⓣ

Top