O‘zbekiston | 09:25 / 07.10.2022
6626
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda 75 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiyasiga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi 

Senat Xotin-qizlar va gender tenglik qo‘mitasida “Fuqarolar davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiya tayinlanganidan keyingi kamida 1 yillik ish staji va ish haqi miqdoridan kelib chiqib, har 2 yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qo‘shib boriladi.

Qonun qabul qilinsa, 2023 yilda (1994–2022 yillarda ish stajiga ega bo‘lgan) 75 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiyalariga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi hamda kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlar (bugungi kunda 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi.

Qonun bilan o‘gay ota-ona, vafot etgan o‘gay farzandini tarbiyalagan davrini aniqlash tartibi hamda O‘zbekiston oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslar pensiyalariga ustamalarni to‘lash tartibi hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun qabul qilinishi amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlar oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid