O‘zbekiston | 20:24 / 07.10.2022
13562
9 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi yap-yangi mahallaning ahvoli: Choshtepada quvurlarning teshilmagan joyi qoldimi?

Yangihayot tumanidagi Yangi Choshtepa mavzesida talabga javob bermaydigan quvurlar bir kunda ikki joyidan yorilib, minglab xonadonlar 2 kun suvsiz qoldi. Kun.uz suhbatlashgan aholi vakillari quvurlardan suv otilishi bir yarim yilda kamida 17 marta kuzatilganini aytmoqda. Vaholanki, bu yangi mavze oxirgi 4 yilda butkul noldan boshlab qurilgan edi.

5 oktyabr kuni tushdan keyin Yangihayot tumani Yangi Choshtepa mahallasida ichimlik suvi quvurida yana nosozlik yuzaga keldi.

Yangihayot suv tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Samiyevning ma’lum qilishicha, O‘zar ko‘chasidagi diametri 250 millimetrli tarmoqda nosozlik yuzaga kelgani sababli 66 ta ko‘p qavatli uydagi 400-500ta xonadon suvsiz qolgan. Aholiga 2ta mashinada suv yetkazib berilgan.

Ta’kidlash kerak, Samiyev “400-500 ta xonadon” deganda haqiqiy raqamni karrasiga kamaytirib aytgan. Chunki mahalladagi 66 ta ko‘p qavatli uylarning aksariyati 7 qavatli bo‘lib, ularda 2 tadan kirish yo‘lagi va har bir yo‘lakdagi har bir qavatda kamida uchtadan xonadon bor: bu bitta uyda kamida 42 ta xonadon borligi, 66 ta uydagi xonadonlar soni esa 2700 dan ortiq ekanini anglatadi.

Toshkent shahar suv ta’minoti boshqarmasi 6 oktyabr soat 10:00 dan 20:00 gacha 66 ta ko‘p qavatli uylarda vaqtinchalik ichimlik suvi to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Foto: Yangi Choshtepa mahallasining Telegram-guruhi

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, Yangi Choshtepa mahallasi 2018 yildan boshlab tep-tekis yer ustida, noldan boshlab qurilgan. Ungacha hudud sug‘oriladigan yerlardan iborat bo‘lgan.

2018 yil, may / Foto: Maxar / Google Earth
2022 yil, avgust / Foto: Maxar / Google Earth
Foto: Bizning Uylar Development

Yotqizilgan quvurlar atigi 3 yilga ham chidab bera olmagani bizni quruvchi kompaniya kimligi bilan qiziqishga undadi.

Internetdagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Choshtepadagi uylarning quruvchisi Discover Invest hisoblanadi. Biz kompaniyaga bog‘lanib, ma’lumot olishga urindik. Biroq urinishlarimiz besamar ketdi. Koll-markaz xodimasi yuridik bo‘limga ulab berdi, ammo telefonga hech kim javob bermadi. Bir necha urinishlardan keyin koll-markaz telefonlariga hech kim javob bermadi.

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan Choshtepa mavzesida yashovchi fuqaroning aytishicha, uylarni qurgan Discover Invest kompaniyasining bir nechta xodimlari quvurdagi nosozlikni bartaraf eta olmagan va ishga “O‘zsuvta’minot” xodimlari aralashgan.

Quvur ta’mirlayotgan Discover Invest va “O‘zsuvta’minot” xodimlari / Foto: "Yangi Choshtepa" mahallasining Telegram-guruhi

“7 oktyabr tungi soat 2 gacha quruvchi kompaniya va “O‘zsuvta’minot”ning ishchilari kelib yorilgan quvurni ta’mirladi. Hali ishlar yakunlanmagan, plastmassa quvurlar yonidan temir trubalar qo‘yib chiqishyapti”, – dedi aholi vakili.

Ma’lum bo‘lishicha, suv yo‘q bo‘lib turgan paytda – 7 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:30 lar atrofida mahallada elektr toki ham o‘chib qolgan. Svet yarim soatdan keyin yongan, birozdan keyin quvurni tuzatish ishlari yakunlangach, ayrim xonadonlarda suv chiqa boshlagan. Lekin 15 daqiqa o‘tib, suv yana o‘chgan. Endi quvurning boshqa joyi, O‘zar ko‘chasining boshidagi qismi yorilib, suv chiqa boshlagan.

Kun.uz muxbiri choshtepaliklar Telegram-guruhini kuzatib, suv sizib chiqqan joyning suratlarini topdi. Rasmdan tushunish mumkinki, quvur yaxshigina yorilib, ko‘chaga ancha suv toshib chiqqan.

Foto: Yangi Choshtepa mahallasining Telegram-guruhi

2 yildan beri shu ahvol

“Quvurlar ta’mirlangan bo‘lsa ham, bosim juda past. Yuqori qavatlarga suv umuman bormayapti yoki shiltillab oqyapti. Bizga aytishlaricha, 6 ta nasosdan hozir 2 tasi ishlayotgan ekan. Hammasini yoqsa, suv bosimi oshib quvurlar yana yorilib ketadi. “Suvta’minot” mas’ullari bilan gaplashganimda hamma nasoslar ishga tushsa, quvurlar bir joydan emas, 5-6 joydan yorilib ketishini aytishdi. Hozir 2 km joyga temir quvurlar yotqizildi, uzog‘i bilan 10-15 kunda ish to‘liq bitadi deyishmoqda”, – deydi yana bir Choshtepada yashovchi fuqaro (u kun bo‘yi ishchilar va mas’ullar bilan bo‘lib jarayonni kuzatgan).

U 2 yildan beri shu yerda yashayotgani, quvurlar yorilib, suv otilib chiqishini 17 marta kuzatganini aytadi.

“Bular men bilganlarim, bilmaganlarim qancha?! Suv uvol bo‘lyapti. Toza suv otilib, ko‘chalarda oqib yotadi. Bunga kim javob beradi? Yangihayot tumani hokimligidan hech kim kelmadi. Avariya joyida faqat “Suvta’minot” mas’ullari va Doscover Invest'ning ishchilari ishlayapti”, – deydi u.

Infratuzilma sifatsizligi uchun “O‘zsuvta’minot” quvurlarni xizmat ko‘rsatishga qabul qilmagan

“O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati rahbari Akmal Murodov Kun.uz bilan suhbatda holatga yanada oydinlik kiritdi.

“Kecha (6 oktyabr kuni) holat bartaraf etilib, 21:20 dan boshlab xonadonlarga suv berilishni boshladi. “Suvta’minot” trubalarni xizmat ko‘rsatishga qabul qilib olmagan. Chunki infratuzilma o‘ta sifatsiz, quvurlar juda ko‘p yorilgan. Biz xizmat ko‘rsatishga qabul qilib olishimiz uchun obekt ma’lum standartlarga javob berishi kerak – masalan, 10 kishiga suv beradigan truba boshqa, 100 kishiga beradigan boshqa. Trubalarning qalinligi talabga javob bermaydi va bosimni ko‘tara olmagan”, – dedi Murodov.

Uning ma’lum qilishicha, “O‘zsuvta’minot” AJ xodimlari quvurlarni aholi uchun bepul ta’mirlab bergan.

“Chunki ta’mirlashga bizning majburiyatimiz yo‘q, biz quvurdan o‘tayotgan suvning sifatiga javob beramiz. Bosimni ko‘tarib bersak, quvur yoriladi, ko‘tarmasak, yuqori qavatlarga suv yetib bormaydi.

Biroq biz ta’mirlashga mas’ul emasmiz deya olmaymiz, sababi bu yerda odamlar yashaydi. Necha kundan beri suvsizlikda yashashyapti. Bu mahalladagi uylarga ikki konturli isitish qozonlari o‘rnatilgan, bu qozonlar sovuq suvda ishlaydi, ya’ni hamma narsa sovuq suvga bog‘liq”, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati rahbari.

Foto: Yangi Choshtepa mahallasining Telegram-guruhi

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, quruvchi kompaniya Discover Invest quvurlarni o‘tkazgan kompaniyani sudga bergan. Buni “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati Akmal Murodov ham tasdiqladi. Biroq uning qo‘shimcha qilishicha, quvurlarni ishlab chiqaruvchi zavod mas’uliyatni bo‘yniga olgan. Bu borada ham Discover Invest'dan ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi.

Mahalla quvurlari almashtirib chiqilyapti. Javobgarlar suvdan quruq chiqadimi?

Yangihayot tumani hokimligining bugun, 7 oktyabr kuni ma’lum qilishicha, hozirda Yangi Choshtepa mahallasiga qo‘shimcha tarzda 2 kilometrga yaqin temir quvurlar yotqizilyapti. Bugungi kunga kelib 1,8 km qismida ishlar to‘liq yakunlangan. Oy so‘ngiga qadar qolgan qismlaridagi ta’mirlash ishlari ham yakuniga yetishi aytilyapti.

2 km quvur – bitta mahalla uchun kichkina raqam emas. Mahalla ahlining so‘zlariga ko‘ra, quvurlarning “yorilmagan joyi qolmagan”: bir joyi yamalganidan keyin, ko‘p o‘tmay ikkinchi  joydan suv toshib chiqadi. Har safar minglab odamlar yo bir necha soat, yo bir necha kun suvsiz o‘tirishga majbur.

Suv o‘chishi faqat kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik vaqtida emas, yilning istalgan paytida ro‘y berishi mumkin. Bugun suv o‘chdi degani bunday noxushlik yana kamida bir hafta ichida takrorlanmasligiga kafolat bermaydi: avariyalar istalgan kunda, istalgan oraliq chastotada ro‘y berishi mumkin. Boz ustiga, odatiy kunlarda ham qator uylarda 6-7-qavatlarga suv juda past bosim bilan chiqadi.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi. Bu borada quruvchi va quvurlarni yotqizgan kompaniyalar munosabat bildirishi, eng muhimi xatolarini imkon qadar tezroq tuzatishini kutib qolamiz.

Shu bilan birga, yangidan qurilgan mahallani sifatsiz quvurlar bilan foydalanishga qabul qilib olgan vakolatli organlar ham javob berishi kerak. Falon pulga yangi uy sotib olib, ne umidlar bilan ko‘chib kirgan aholining asablarni yemiruvchi “syurprizlar”ga duch kelishida ularning ham “hissasi” borligi turgan gap.

Deputatlar esa quruvchilarning xatosi tufayli aholiga noqulayliklar tug‘ilgan hollarda quruvchi kompaniyadan aholi foydasiga kompensatsiya undirib berish mexanizmlarini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq. Bu kabi holatlarga barham berilishi, quruvchilar mas’uliyatini oshirish uchun ham shunday choralar juda zarur.

Madina Ochilova,
Kun.uz.

Mavzuga oid

E`lonlar