Jahon | 09:05 / 07.10.2022
10530
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Xerson oblastining 500 kvadrat kilometri ozod qilindi

Olti kun ichida Ukraina qo‘shinlari Xerson oblastida 500 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni ozod qildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 7 oktyabr, payshanba kuni kechqurun murojaatida aytib o‘tdi. 

Foto: Picture Alliance

«1 oktyabrdan buyon faqat Xerson oblastida yarim ming kvadrat kilometrdan ortiq hudud va o‘nlab aholi punktlari Rossiyaning psevdoreferendumidan ozod qilindi va barqarorlashtirildi», — dedi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «sharqiy yo‘nalishda ham muvaffaqiyatlar bor». 

«Biz Zaporijjya oblastidagi, hali ham bosqinchilar nazoratida bo‘lgan hududlardagi muvaffaqiyatlar haqida hisobot beradigan kun keladi. Qrimni ozod qilish haqida ham gapiradigan kun keladi. Bu istiqbol aniq. Bundan tashqari, biz hali ham shu yo‘ldan borishimiz kerakligi aniq, ukrainaliklar ham, bizning hamkorlarimiz ham – erkinlik va xalqaro huquqni qadrlaydigan har bir kishi tomonidan hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar qilinishi kerak», — dedi Ukraina rahbari.

Bundan oldin Ukraina Xerson oblastidagi 50 ta aholi punktini ozod qilgandi.

Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida jiddiy qarshi hujum boshlagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2 oktyabr kuni harbiylar Ingulets daryosi bo‘yidagi Arxangelsk posyolkasini, shuningdek Mirolyubovka posyolkasini ozod etgani haqida xabar berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid