1990-yillar boshida Gorbachyov boshlagan oshkoralik ortidan SSSRda juda ko‘p narsa o‘zgarib ketadi. Fuqarolarga diniy erkinlik beriladi. Xususiy mulkka egalik huquqi va tadbirkorlik qilishga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlanadi.

Bundan tashqari, kommunistik partiya gegemonligi bekor qilinib, ko‘ppartiyaviylikka ruxsat beriladi. Shundan so‘ng KPSSning old saflarida turgan ayrim shaxslar undan voz kechib, boshqa partiyalar va demokratik harakatlarga qo‘shilishadi.

Kompartiyadan voz kechganlar orasida turli yuqori lavozimli shaxslar bilan birga KGB general-mayori Oleg Kalugin ham bor edi. Bu inson keyinchalik AQShga ko‘chib ketadi va KGBning ko‘plab maxfiy ma’lumotlarini oshkor qiladi.

Garchi, KGB SSSR bilan birga tugab ketgan bo‘lsa-da, Kaluginning bu tashkilotga tegishli ma’fiy ma’lumotlarni oshkor qilishi Rossiyada noxushlik bilan kutib olinadi. Oqibatda, 2002 yilda Moskva shahar sudida uni sirtdan sud qilib, 15 yil qamoq jazosi berishadi.

Foto: lenta.ru

Oleg Kalugin haqida

Oleg Kalugin 1934 yilda Leningradda tug‘ilgan. Uning otasi o‘sha paytda NKVD tarkibida bo‘lgan Davlat xavfsizligi vazirligi xodimi sifatida kompartiyaning Leningrad bo‘limi rahbarlarini qo‘riqlagan.

1952 yilda Oleg Kalugin o‘rta maktabni, keyin esa KGBga tegishli ikkita oliy o‘quv yurtini bitiradi. 1952-56-yillarda KGB qoshidagi xorijiy tillar institutida, 1956-58-yillarda Oliy razvedka maktabida o‘qiydi.

Xorijiy tillar institutida u ingliz, nemis va arab tillarini o‘rganadi. 1955 yilda ilk ofitserlik unvonini oladi va kompartiya safiga qabul qilinadi. O‘qish davomida Leningrad oblasti KGB boshqarmasida amaliyot o‘taydi.

Oleg Kalugin Oliy razvedka maktabini bitirgach KGBning tashqi razvedka bo‘limiga o‘tkaziladi.

O‘sha paytlarda chet ellik yoshlar AQShdagi Filbrayt fondi ko‘magida Amerikadagi turli OTMlarda o‘qishi, malaka oshirishi mumkin edi. Sovet-Amerika kelishuviga ko‘ra AQShga sovet yoshlari ham jo‘natilardi.

1958 yilda Kalugin Filbrayt fondi dasturi bo‘yicha Leningrad davlat universitetining talabasi niqobi ostida Jdanov familiyasi bilan AQShga 1 yillik malaka oshirishga jo‘natiladi. Aslida esa KGB umidli josus sifatida o‘sib kelayotgan Kaluginni sinovdan o‘tkazishni xohlagandi.

Kalugin avvaliga Nyu-York shahrida joylashgan Kolumbiya universitetida «jurnalistika yo‘nalishi» bo‘yicha malaka oshiradi. Keyinchalik, Mixail Gorbachyov davrida «Qayta qurish» idealogiyasi asoschisi sifatida tanilgan Aleksandr Yakovlev ham o‘shanda AQShga Kalugin bilan birga borgandi. Tabiiyki, u Kaluginning KGB xodimi ekanini va AQShga sinov tariqasida yuborilganini bilmasdi.