23:41 / 10.10.2022
10344

Tojikistonda KXShT davlatlarining harbiy-o‘quv mashqlari boshlandi 

Tojikistonda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) davlatlarining «Chegara-2022» qo‘shma harbiy mashqlari boshlandi. 

Foto: KXShT

Unda KXShT davlatlari hududiga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi tayyorgarlik ko‘rish va jang qilish ko‘nikmalari o‘zlashtiriladi

Mashqlarda mingga yaqin harbiylar va uch yuzdan ortiq harbiy-maxsus texnika, jumladan, samolyotlar, vertolyotlar va dronlar qatnashadi. 

Mashqlarning faol qismi 17-21 oktabr kunlari Dushanba shahridan 140 km uzoqlikdagi Harbmaydon poligonida bo‘lib o‘tadi. 

Avvalroq, Qirg‘izistondagi «Edelveys» poligonida KXShT davlatlarining «Mustahkam birodarlik – 2022» harbiy mashqlari o‘tkazilishi lozim edi. Ammo mashqlar bekor qilindi. 

Matbuotda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bunga Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi ziddiyatning keskinlashuvi sabab bo‘lgan. Hozircha KXShT kotibiyati mashg‘ulotlar bekor qilinganiga munosabat bildirmadi. 

Tojikistonda o‘tkazilayotgan mashqlarda Qirg‘iziston harbiylari ham ishtirok etishi haqida ma’lumot yo‘q. 

KXShT 1992 yilda tashkil qilingan bo‘lib, hozirgi vaqtda unga Rossiya, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston a’zo hisoblanadi. 

Top