Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G7 davlatlari Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni davom ettiradi
«Katta yettilik» davlatlari Rossiyaning Ukrainaga raketa zarbalarini, shuningdek, «eskalatsiyaga qaratilgan qasddan qilingan qadamlarni» qoralaydi. Ular Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga barcha zarur yordamni ko‘rsatishda davom etishga va’da berishdi.
Bu haqda 11 oktyabrda Ukraina iltimosiga ko‘ra chaqirilgan G7 davlatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSh) yig‘ilishi yakuniga bag‘ishlangan bayonotda aytilgan.
«Biz prezident Zelenskiyni Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsatishga sodiq va qat’iy ekanligimizga ishontirdik. Biz moliyaviy, gumanitar, harbiy, diplomatik va huquqiy yordam ko‘rsatishda davom etamiz va qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz», — deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, G7 Rossiyadagi safarbarlikni va «global tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi yadroviy ritorikani» qoraladi. Shuningdek, «Rossiya tomonidan kimyoviy, biologik yoki yadroviy qurollardan har qanday foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishi» haqida ogohlantirdi. Bayonotda aytilishicha, «Katta yettilik» davlatlari Rossiyaning musodara qilingan aktivlaridan harbiy harakatlar tugagandan so‘ng Ukraina infratuzilmasini tiklash uchun foydalanish imkoniyatlarini o‘rganadi.
G7 uchrashuvi 11 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi va u 10 oktabr kuni Rossiyaning yirik raketa zarbasidan keyin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy iltimosiga ko‘ra chaqirilgan edi. Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko so‘zlariga ko‘ra, raketa hujumlari oqibatida 23 kishi halok bo‘lgan, 100 kishi yaralangan.