Jahon | 20:25 / 11.10.2022
12099
2 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg Rossiyaning Ukrainadagi ehtimoliy g‘alabasiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi

Foto: Yves Herman / Reuters

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainadagi mojaroda Rossiyaning ehtimoliy g‘alabasi Shimoliy Atlantika alyansining mag‘lubiyati bo‘lishini tan olib, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi.

«Rossiyaning g‘alabasi NATO mag‘lubiyatini anglatadi, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. 10 oktabr kuni Ukrainaning ommaviy o‘qqa tutilishi Rossiyaning kuchsizligidan dalolatdir, chunki Rossiya jang maydonida oldinga bora olmayapti.

Alyans Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish niyati borligi haqidagi belgilarni ko‘rmayapti, ammo hushyor bo‘lib turibdi. NATO kelasi haftada yadroviy tiyib turish mashqlarini o‘tkazadi.

NATO mudofaa vazirlari Ukrainaga yordamni kuchaytiradilar. 12-13 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Ukraina Mudofaa vaziri ham ishtirok etadi.

NATO qurol zaxiralarini ko‘paytirish va muhim infratuzilmani himoya qilish choralarini ko‘radi. NATO mamlakatlari infratuzilmasiga gibrid hujumlar va kiberhujumlar alyansning jamoaviy mudofaa haqidagi shartnomasining 5-moddasi faollashishiga olib kelishi mumkin», dedi Stoltenberg.

30 sentabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning  NATOga tezkor kirishi uchun ariza topshirayotganini ma’lum qildi. Tashabbus Kanada, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Ruminiya, Litva, Estoniya, Latviya, Xorvatiya, Chernogoriya va Shimoliy Makedoniya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid