20:45 / 11.10.2022
13315

Yangi Zelandiya sigirlarning kekirikiga soliq solmoqchi

Foto: Mark Baker / AP

Yangi Zelandiya hukumati iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish maqsadida qishloq xo‘jaligi hayvonlari chiqaradigan issiqxona gazlariga soliq solishni rejalashtirmoqda.

Vellington 2050 yilga borib, issiqxona gazlarini kamaytirish va uglerod neytralligiga erishishni va’da qilmoqda. 2030 yilgacha qishloq xo‘jaligidagi metan chiqindilarini 10 foizdan 47 foizgacha kamaytirish majburiyati hukumat strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Bosh vazir Jasinda Ardern so‘zlariga ko‘ra, fermer xo‘jaliklaridan yig‘ilgan soliq tushumlari yangi texnologiyalar, tadqiqotlar va fermerlarni rag‘batlantirish to‘lovlarini moliyalashtirish uchun qayta investitsiya qilinadi.

Bunday soliq dunyoning hech bir mamlakatida yo‘q va Yangi Zelandiya bu borada birinchi bo‘ladi. Fermerlarga ushbu soliq miqdorini o‘z mahsulotlari narxiga qo‘shgan holda qoplash tavsiya qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Demiyen O’Konnor buni mamlakat fermerlari uchun hayajonli istiqbol deb atadi.

«Fermerlar allaqachon iqlim o‘zgarishidan zarar ko‘rmoqda, chunki qurg‘oqchilik va suv toshqinlari tez-tez sodir bo‘lyapti. Qishloq xo‘jaligi chiqindilarini kamaytirishda yetakchilik qilish atrof-muhit uchun ham, iqtisodiyotimiz uchun ham foydalidir», - deb tushuntirdi u.

Fermerlar uyushmasi prezidenti Endryu Hoggard yangi soliqning joriy qilinishidan mamnun emas.

«Fermerlar ikki yil davomida hukumat bilan issiqxona gazlarini kamaytirish rejasi ustida birga ishlashga harakat qilishdi. Fermerlar ishlab chiqarishni kamaytirmagan holda bunday choralarni qo‘llash tarafdori edi. Endi esa yangi taklif fermerlarni o‘z fermalarini sotishga majbur qiladi», dedi u.

Qo‘y va sigirlarning metan kekiriklari mamlakatdagi issiqxona gazlarining eng yirik manbalaridan biri hisoblanadi. Har bir hayvon har kuni kekirik va gaz chiqarish orqali atmosferaga 400-500 litr metanni tarqatadi. Metan atmosferada karbonat angidridga qaraganda kamroq yashaydi, lekin issiqlikni 30 barobar samaraliroq saqlaydi, shuning uchun xavfliroq bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, 5 million aholiga ega mamlakatda 10 millionga yaqin go‘sht-sut yo‘nalishidagi qoramol, 26 million qo‘y boqiladi.

Avvalroq Yangi Zelandiya hukumati kelajak avlodga sigaret sotishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilib, mamlakatni «chekishdan xoli» qilish rejasini e’lon etgan edi.

Mavzuga oid
Top