O‘zbekiston | 09:39 / 14.10.2022
7686
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish hamda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasidagi ishlarni o‘rganish uchun Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, sohaga daxldor xizmatlarning ish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha qilingan ishlar holati o‘rganildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bundan tashqari, jamiyatga qarashli uglevodorodlar qazib chiqarishni ko‘paytirish Dasturi hamda geologo-texnik tadbirlar doirasida quduqlarini burg‘ilash, kapital ta’mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi holati bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.

O‘rganish ishlari davomida, “Tegirmon” guruhi konlaridan “Somontepa” konigacha 48 km uzunlikdagi gaz quvurini qurish loyihasiga “start” berildi.

“Tegirmon” guruhi konlaridan qazib olinayotgan gazni uzatish tizimi barqarorligini ta’minlash, gaz qazib chiqarishni oshirish va “Yangi Alat”, “Oltinko‘l”, “Yangi Tegirmon” kabi istiqbolli maydonlarida olib borilayotgan geologik-qidiruv ishlarni inobatga olgan holda ushbu quvurning qurilish ishlarini jadallashtirish masalasi muhokama qilinib, chora-tadbirlar belgilab olindi.

Texnik yechimga asosan ichki imkoniyatlardan, ya’ni “Somontepa” konidan 33 km quvurlarni demontaj qilib olib borish va Muborak gazni qayta ishlash zavodi bazasidan ajratilgan 15 km quvurlarni qurilish maydoniga yetkazib berish, quvurlarni payvandlash ishlariga qo‘shimcha ishchi kuchi va maxsus transport vositalarini safarbar etish bo‘yicha “Neftgazmontaj” MChJ, Muborak boshqarmasi hamda tegishli departament rahbarlariga alohida vazifalar belgilab berildi.

Ushbu quvurni ishga tushirish bilan “Tegirmon guruhi” konlaridan kunlik 200 ming kub m qo‘shimcha gaz qazib olinadi va yangi istiqbolli maydonlardan qazib olinadigan gazni Muborak gazni qayta ishlash zavodiga yetkazib berish imkoniyatlari yanada oshiriladi.

Shundan so‘ng “Ishchi guruh” a’zolari “Dengizko‘l” konida bo‘lib u yerda “Enter Engeeniring” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan siquv kompressor stansiyasi 2-navbatida sinov muddatiga ishga tushirilgan GPA-100 gaz haydash agregatining ish faoliyati va GPA-200 gaz haydash agregatida olib borilayotgan yakuniy sozlash (pusko-naladka) ishlari bilan tanishib chiqildi.

Ushbu siquv kompressor stansiyasini ishga tushirish bilan kondagi mavjud zaxiralarni yanada o‘zlashtirish va kunlik qo‘shimcha 1 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirishni hisobga olgan holda loyihani qisqa muddatda to‘liq quvvatda ishga tushirishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shu yerda Muborak boshqarmasida uglevodorodlar qazib chiqarish bo‘yicha 2022 yil o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar muhokamasi o‘tkazilib, belgilangan reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash uchun yil oxirigacha burg‘ilashdan 12 ta quduqni ishga tushirish, 21 ta quduqda mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish va 2 ta texnologik obektlarni ishga tushirish tadbirlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tkazilgan sayyor yig‘ilishda, Boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari, mas’ul departament rahbarlari hamda pudratchilar hisoboti tinglandi va qilingan ishlar muhokamasi o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan 9 oyida boshqarmada geologo-texnik tadbirlar doirasida 23 ta yangi ishlatish quduqlari burg‘ilandi, 260 ta quduqda ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari bajarildi va 7 ta texnologik obektlar ishga tushirildi.

Ushbu tadbirlar hisobidan 2022 yilning yanvar-sentabr oylarida qo‘shimcha 856,7 mln kub metr gaz va 16,8 ming tn gaz kondensati qazib olishga erishildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari “Tegirmon” koniga qarashli burg‘ilash quduqlarda ham bo‘lishdi va amalga oshirilayotgan ishlar, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoit hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari holati o‘rganildi. “Yangi Olot” 2-sonli qudug‘ida ham bajarilayotgan ishlar joyida o‘rganilib, mavjud muammoli masalalar muhokama qilindi.

2022 yilning yanvar-sentabr oylari mobaynida ushbu hududda 9 ta yangi – “Tegirmon” va “G‘arbiy Tegirmon” konlarida 2 tadan izlov-qidiruv va 2 tadan ishlatish quduqlari, shuningdek, “Yangi Alat” konida 1 ta izlov-qidiruv qudug‘i burg‘ilandi va qurilish tugatildi.

2022 yilning o‘tgan davri mobaynida erishilgan eng asosiy yutuqlardan biri bajarilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida ushbu hududda “Yangi Alat” – yangi gazkondensat konining ochilishi bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid