Jahon | 09:31 / 14.10.2022
9858
3 daqiqa o‘qiladi

«Rosneft» Germaniyaga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi

Rossiyaning «Rosneft» neft konserni manfaatlarini Germaniyaning Malmendier Legal yuridik firmasi himoya qiladi. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, da’vo Leypsig federal ma’muriy sudiga berilgan.

Foto: Vedomosti

Rossiyaning «Rosneft» neft konserni Germaniyaning uchta shu’ba korxonasini ishonchli boshqaruvga o‘tkazishi munosabati bilan Germaniyaga qarshi sudga da’vo bilan murojaat qildi. Bu haqda 13 oktyabr, payshanba kuni Germaniyada «Rosneft» manfaatlarini himoya qiluvchi Berlindagi Malmendier Legal yuridik idorasiga tayanib, Handelsblatt biznes nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, da’vo Leypsig federal ma’muriy sudiga berilgan. Kompaniyaning fikricha, Germaniya hukumati xatti-harakatlari qonuniy asosga ega emas, chunki kompaniya Gazpromdan farqli o‘laroq, Germaniyadagi obektlariga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatmagan.

«Bugungi kunda «Rosneft» xom neft yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmoqda. Yetkazib berishda uzilishlar yo‘q, shuningdek, majburiyatlarni bajarishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar ham mavjud emas», - deya tushuntirdi konsern vakillari. Advokatlar, shuningdek, «Rosneft» «Ukrainadagi mojaroga» qaramay, o‘z majburiyatlarini siyosiy ta’sirsiz bajarayotganini ta’kidladilar.

Sentabr o‘rtalarida Berlin «Rosneft»ni Germaniyadagi aktivlari ustidan nazoratdan mahrum qildi. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi Rosneft Deutschland GmbH va uning RN Refining & Marketing GmbH kompaniyasini Federal tarmoqlar agentligining ishonchli boshqaruviga topshirdi. Natijada, «Rosneft» shu’ba korxonalarining Shvedtdagi PCK , Karlsruedagi Miro va Foburgdagi Bayernoil neftni qayta ishlash zavodlaridagi ulushlari nemis regulyatori nazoratiga o‘tdi. Ushbu zavodlar Germaniyadagi barcha neftni qayta ishlash quvvatlarining taxminan 12 foizini tashkil qiladi.

«Rosneft» Germaniya hukumatining o‘zining uchta shu’ba korxonasini ishonchli boshqaruvga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini noqonuniy deb atadi va «o‘z manfaatlarini himoya qilishning barcha imkoniyatlarini, jumladan, sudga murojaat qilish»ni ko‘rib chiqayotganini aytdi. Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek neft konsernining shu’ba korxonalari bo‘yicha qabul qilingan qarorni mamlakatning energiya xavfsizligi bilan bog‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodlar faoliyati «markaziy, muhim provayderlar, masalan, butlovchi qismlar yetkazib beruvchilar, sug‘urta kompaniyalari, banklar va IT-kompaniyalar «Rosneft» bilan hamkorlik qilishni istamagani tufayli savol ostida qolgan.

Mavzuga oid