Jahon | 16:20 / 14.10.2022
9017
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Ukraina harbiylarini tayyorlash missiyasi tashkil etilishini ma’qulladi

Yevropa ittifoqi davlatlari Ukraina askarlarini tayyorlash bo‘yicha Yevropa ittifoqi missiyasini (EU Military Assistance Mission - EUMAM) tashkil etish loyihasini ma’qulladi. Tegishli qaror juma kuni Yevropa ittifoqiga a’zo 27 davlatning Bryusseldagi doimiy vakillari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. 

Foto: AP

Rejalarga ko‘ra, missiya ikki yil davomida ishlaydi, 15 ming ukrainalik askar o‘qitiladi. Buning uchun Germaniya va Polshada o‘quv markazlari tashkil etiladi

Yevropa ittifoqi diplomatlari ma’lumotiga ko‘ra, yaqin oylarda Ukraina armiyasining 5 ming nafargacha askari Germaniyada mashg‘ulotlarni boshlaydi. 

Shu paytgacha Ukraina harbiylarini Yevropa ittifoqi mamlakatlarida tayyorlash ikki tomonlama asosda tashkil etilgan. Xususan, Bundesver ularni havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya qurilmalaridan foydalanishga o‘rgatyapti.

Avgust oyida YeI darajasida missiya yaratishni Yevropa ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel taklif qilgan edi. U Yevropa tinchlik fondi (EFF) hisobidan moliyalashtiriladi.

Yaqin kelajakda Ukraina oldindan rejalashtirilganidan tashqari qo‘shimcha MARS II yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari (YaO‘RT) va Panzerhaubitze 2000 o‘ziyurar artilleriya moslamalarini oladi. 

Germaniya Mudofaa vazirligining Twitter'da xabar berishicha, «yaqin bir necha hafta ichida yanada ko‘proq PzH 2000 va MARS II Ukrainaga topshiriladi». 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid