Jahon | 07:29 / 14.10.2022
12372
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya safarbar qilinganlardan to‘p yemi sifatida foydalanyapti

Rossiya qo‘mondonligi safarbar qilingan ruslar «kamida bir necha hafta urushda omon qolishi»ni kutmoqda, shundan so‘ng yangilari frontga yetkaziladi, deb hisoblaydi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. 

Foto: Reuters

«Ammo bu vaqt ichida rossiyalik generallarning o‘z xalqidan to‘p yemi sifatida foydalanishi himoyachilarimizga qo‘shimcha bosim yaratish imkonini beradi. Bu sezilarli bosim», dedi Zelenskiy 13 oktyabr, payshanba kuni kechki murojaatida.

Shu bilan birga, u ukrainalik harbiy xizmatchilarga sabr-toqat uchun minnatdorchilik bildirdi. 

«Bunday sharoitda mudofaa yordamini oshirish kerakligini tushungan hamkorlarimizga ham minnatdorman», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.

Avvalroq Volodimir Zelenskiy G7 davlatlari rahbarlari oldida video-aloqa orqali chiqish qilib, ularni Ukrainaga Rossiya raketalaridan himoyalanish uchun samarali havo hujumidan mudofaa tizimini yaratishda yordam berishga chaqirgandi.

«Millionlab odamlar G7'ga bunday yordam uchun minnatdor bo‘lishadi», deya ta’kidlab o‘tdi Zelenskiy.

Bundan tashqari, u «hukmronligining oxiriga yetgan Rossiya rahbarida hali ham vaziyatni yanada keskinlashtirish imkoni bor»ligini eslatdi. Bu «barchamiz uchun xavf», deya ogohlantirdi Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid