Jahon | 20:10 / 17.10.2022
9604
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 80 ming korrupsioner nazorat organlariga ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lgan

Xitoy Kommunistik partiyasining 207 mingga yaqin a’zosi nazorat organlari tomonidan jazolangan.

Foto: AP

Xitoy Kommunistik partiyasining (XPK) tartib-intizom bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Syao Pey so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping hokimiyat tepasiga kelganidan buyon partiyaning 207 mingga yaqin a’zosi nazorat organlari tomonidan jazoga tortilgan. So‘nggi besh yil ichida 80 mingga yaqin partiya a’zosi nazorat organlariga korrupsiya jinoyatini sodir qilganlikda ixtiyoriy ravishda iqror bo‘lgan.

«Biz korrupsiya tarqalishini qat’iy cheklaymiz. Uni bartaraf qilishga qaratilgan maqsadli siyosat va bosimning kuchayishi oqibatida so‘nggi 5 yil ichida 80 ming partiya a’zosi qonunbuzarlikni ixtiyoriy ravishda tan oldi», dedi Syao Pey XPK XX qurultoyida so‘zlagan nutqida.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida korrupsiya uchun jazolanganlarning aksariyati avval ham bir necha bor jinoyat sodir etgan. Birinchi marta pora olayotganda ushlanganlar ulushi 11 foizni tashkil etadi.

XPK 96 million a’zoga ega bo‘lib, so‘nggi 10 yil ichida ularning 5 millioni ehtimoliy korrupsiya masalasida surishtiruv ostiga tushgan. Ammo faqat 553 nafar partiya a’zosiga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

XPK yetakchisi Si Jinping qurultoy ochilishida so‘zlagan nutqida korrupsiyani partiyaning «saratoni» deb atadi va poraxo‘rlikka qarshi kurash «bir lahzaga ham» to‘xtab qolmasligi kerakligini ta’kidladi.

Sentabr oyida Xitoyda katta korrupsiya mojarosi yakuniga yetdi. Ayblovchilar xulosasiga ko‘ra, Xitoyning sobiq jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari Sun Lijun 2001 yildan 2020 yilgacha yuqori lavozimlarda ishlagan vaqtida homiylik, lavozimda ko‘tarilishga ko‘maklashish va hokazolar evaziga 646 million yuandan (91 million dollar) ortiq pora olgan.

 

Mavzuga oid