Jahon | 11:12 / 18.10.2022
7556
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada 34 nafar rossiyalik targ‘ibotchi va aktyorga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Kanada sanksiyalari ro‘yxatiga o‘nlab rossiyalik jurnalistlar va mediamenejyerlar, aktyorlar va siyosatchilar kiritilgan.

Foto: Getty Images

Kanada, mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, «Rossiya dezinformatsiyasi va tashviqotini tarqatish» bilan shug‘ullangan 34 Rossiya fuqarosiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda 17 oktyabr, dushanba kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi saytida ma’lum qilindi.

Sanksiyalar, xususan, mediamenejyer Tina Kandelaki, «Moskovskiy komsomolets» gazetasi bosh muharriri Pavel Gusev, Birinchi kanalning axborot dasturlari direksiyasi direktori Kirill Kleymenov, teleboshlovchi Andrey Kondrashov, Noila Askarzoda, Anatoliy Kuzichev, Olesya Loseva, Andrey Dobrov, Dmitriy Guberniyev, jurnalistlar Aleksandr Gamov va Aleksandr Kotsga nisbatan kiritildi.

Bundan tashqari, jazo choralari aktyorlar Sergey Bezrukov, Vladimir Mashkov, Dmitriy Pevsov, prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, «Rosneft» matbuot kotibi Mixail Leontev, «Yangi odamlar» partiyasi rahbari Aleksey Nechayevga ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi nazorati ostidagi «Zvezda» telekanaliga ham sanksiyalar joriy qilingan.

«Rossiya rejimining urushi yolg‘on va aldovga bog‘liq. U haqiqatni gapirishga jur’at etgan o‘z fuqarolarining ovozini o‘chiradi va qamoqqa tashlaydi. Rossiyada inson huquqlari buzilishi kuchayib borar ekan, Kanada ularni oqlashga urinayotgan tashviqotchilarga qarshi choralar ko‘rmoqda», - deyiladi Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli bayonotida.

Sanksiyalar rossiyaliklarning Kanadadagi barcha aktivlarini muzlatib qo‘yadi va Kanada moliya institutlariga ularga xizmat ko‘rsatishni taqiqlaydi. Sanksiya ostiga tushgan shaxslarga Kanadaga kirish taqiqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid