O‘zbekiston | 08:40 / 18.10.2022
3417
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlar joriy etiladi

Senatda BCI vakili bilan O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Dunyo

Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva Better Cotton Initiative (BCI) nodavlat notijorat tashkiloti menejyeri Reychel Bekketni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani, bu undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirgani alohida ta’kidlandi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Better Cotton Initiative o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish, ularni tegishlicha litsenziyalashtirish hamda eng birinchilar qatorida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarida kuzatuvchanlik tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar BCI Toshkentdagi vakolatxonasini tez kunlarda ta’sis etilishi yuzasidan kelishib oldi.

BCI «paxta dalasidan sotuvgacha» bo‘lgan butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning mingdan ortiq a’zosi mavjud bo‘lib, ular qatoriga H&M, Gap, IKEA, Levi Strauss, Zara, Hugo Boss, Adidas, Puma kabi 80 dan ziyod yirik brendlar kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid