O‘zbekiston | 18:07 / 18.10.2022
7888
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: 3-kurs talabalari “Uzbekistan GTL” zavodiga ishga qabul qilindi

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘iga asosan “Uzbekistan GTL” zavodining kadrlar zaxirasini istiqbolli yosh mutaxassislar bilan to‘ldirish ishlari izchil olib borilmoqda. Bu borada mahalliy oliy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

“Uzbekistan GTL” zavodida "Internship" dasturini o‘tash uchun jami 102 nafar talaba saralab olingan bo‘lib, ular uchun maxsus "Uzbekistan GTL-Internship" dasturi amalga oshirildi. Dastur yakunlariga ko‘ra, iqtidorli va saralab olingan 20 nafar, yuqori bilimga ega bo‘lgan 4-bosqich talabalari o‘quv yili so‘ngida "Uzbekistan GTL" zavodiga ishga qabul qilindi.

Joriy yilning iyul-avgust oylarida "Internship" dasturini saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 18 nafar iqtidorli 3-bosqich talabalariga esa “Uzbekistan GTL” zavodining ishlab chiqarish xodimlari sifatida, vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida, oylik maosh tayinlandi. Intern xodimlarga ham zavod xodimlari bilan teng barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular uchun ham maxsus forma va himoya vositalari, uch mahal issiq ovqat, yotoq joy va zavod bo‘ylab transport bilan ta’minlandilar.

- "Uzbekistan GTL” zavodida men joriy yilning 20 iyun kunidan boshlab "Uzbekistan GTL-Internship" dasturiga qabul qilindim. Dastur yakuniga yetgach, bir nechta imtihon va suhbatlardan o‘tdik va vaqtinchalik mehnat shartnomasi imzolandi. Biz bu yerda zavodning xodimi, ya’ni intern sifatida universitetda o‘rgangan bilimlarini asosiy texnologik jarayonlarda, uskuna va jihozlarning ishlash prinsiplari hamda tuzilishini o‘rgandik. Bu men uchun juda muhim amaliyot bo‘ldi. Men universitetda o‘z bilimlarimni yanada kuchaytiraman, sohamga bo‘lgan qiziqishim bir necha baravar oshdi. Internship davrida zavod rahbariyati biz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Universitetni bitirishim bilan ushbu zavodga ishga kirish uchun astoydil harakat qilaman”, - dedi Xanbekov Amal, Toshkent davlat texnika universitetining 3-bosqich talabasi.

Bu kabi dastur talabalarda mamlakatimizning neft va gaz sanoati sohasida mehnat qilish naqadar sharafli va shu bilan birgalikda yuqori mas’uliyatli ish ekanligi, sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishda tinimsiz mehnat va bilim olishning o‘ta muxim ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida tushuncha hosil qilishlarida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 25 dekabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan neft va gaz sohasidagi ta’lim muassalaridagi o‘quv dasturlarini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, talabalar amaliyotini, "Internship" dasturlarini “Uzbekistan GTL” zavodida tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.

Iqtidorli talabalar uchun "Uzbekistan GTL-Internship" dasturi doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Mavzuga oid