Jamiyat | 11:04 / 18.10.2022
35446
2 daqiqa o‘qiladi

Qatortolda tanishgan 18 yosh qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan yigit 12 yilga qamaldi

17 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining ochiq sud majlisida sudya Temur Yusupov raisligida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda ayblangan – 1999 yilda tug‘ilgan sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Hech qanday foydali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan sudlanuvchi jinoyat yo‘liga kirib, qasddan odam o‘ldirgan. U joriy yil 26 maydan 27 mayga o‘tar kechasi tungi soat 01:30 larda Chilonzor tumani, Qatortol-Al Xorazmiy ko‘chasida o‘zini Zulya deb tanishtirgan, aslida ismi boshqa bo‘lgan 2003 yilda tug‘ilgan qiz bilan tanishadi. U bilan 600 000 so‘m evaziga ertalabgacha o‘z ehtiyojini qondirish uchun kelishadi. Qizni Shayxontohur tumanidagi xonadonga olib borib, u yerda qiz bilan ko‘zlagan ishini qiladi.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda o‘rtalarida kelib chiqqan og‘zaki janjal oqibatida qizning unga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatganligidan qattiq g‘azablanadi. Ayol kishi faol qarshilik ko‘rsatishga qodir emasligini to‘laqonli tushungan holda ko‘rpacha ustida ojiz ahvolda yotgan holatida bo‘yin sohasidan qo‘llari bilan bo‘g‘ib, uni qasddan o‘ldirgan. Qo‘rqib ketganidan jasadni korton qutiga solib jarga tashlagan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining o‘limi yuqori nafas yo‘llarining yumshoq jism bilan berkilishi va bo‘yin a’zolarining siqilishi oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergan. Sudlanuvchi e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini bildirib, so‘nggi so‘zida voqea mast holatdalida bo‘lgani, hozir qilmishidan pushaymon ekani, yengillik berishni so‘rab murojaat qildi.

Shundan keyin sud hukmi o‘qildi va qotil 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid