Jahon | 13:31 / 18.10.2022
13877
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning qator hududlarini yana o‘qqa tutdi

Kiyevda muhim infratuzilma obektlaridan biriga zarba berildi, deb xabar qildi shahar meri Vitaliy Klichko. 

Foto: Reuters

«Kiyevda ertalab yana portlashlar sodir bo‘ldi. Desnyanskiy tumani. Muhim infratuzilma obekti. Barcha xizmatlar voqea joyiga yo‘l olyapti. Batafsil ma’lumot keyinroq», - deb yozdi u Telegram’da. 

Shahar Tezkor-qidiruv boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko Kiyevning chap qirg‘og‘idagi energiya ta’minoti obektiga uchta zarba berilgani to‘g‘risida e’lon qildi.

Ukraina prezidenti devoni bir qator hududlarga yana zarbalar berilgani haqida xabar berdi. Ertalab Rossiya qo‘shinlari Jitomirga raketa hujumi uyushtirdi, deb yozdi Tezkor-qidiruv boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko Telegram'da. 

«Elektr ta’minoti obektiga ikkita zarba kelib tushdi. Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati ishlamoqda», — dedi u. 

Timoshenko, shuningdek, Dneprdagi energetika infratuzilmasi obektiga ikki marta zarba berilgani, shu sababli shaharning bir qator tumanlarida elektr va suv ta’minoti bo‘lmasligi mumkinligi haqida xabar berdi. 

Bundan tashqari, S-300 zenit-raketa majmuasidan o‘qqa tutish natijasida Nikolayev markaziy tumanidagi ikki qavatli turar joy binosi, gul bozori va kashtanlar xiyoboni vayron bo‘lgan, bir kishi hayotdan ko‘z yumgan, deb yozdi Kirill Timoshenko.

18 oktyabr kuni ertalab butun Ukraina bo‘ylab yana havo trevogasi e’lon qilindi. Uni oxirgi bo‘lib Karpatorti oblasti e’lon qildi, bundan havo trevogalari xaritasi dalolat beradi. Kiyevda havo trevogasi soat 06:26 dan boshlab yangramoqda.

Kecha kechqurun Zaporijjyada Shahed dronlari yordamida hujum uyushtirildi, deb xabar berdi Zaporijjyada oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Starux. Natijada infratuzilma obektida yong‘in sodir bo‘ldi, bitta raketa Zaporijjyadagi omborga kelib tushdi, deb yozdi u Telegram’da. Staruxning so‘zlariga ko‘ra, har ikki holatda ham qurbonlar bo‘lmagan. 

O‘z navbatida, Xarkivda besh daqiqa ichida ikkita ketma-ket portlash qayd etilgan. Bu haqda shahar meri Igor Terexov xabar berdi. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi sanoat korxonalaridan birining hududi hujumga uchragan», — deb yozdi u Telegram’da.

Mavzuga oid